Huawei 1
O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, mutasaddilar masalani ichiga chuqurroq kirdi, eng og‘ir mahalladagi nochor oilalarga borib, nimaga ko‘proq eʼtibor berish kerakligini o‘rgandi.

Bu masalada savdo, servis, to‘qimachilik, tibbiyot, ovqatlanish, qurilish, kasanachilik, elektrotexnika, transport sohasi tadbirkorlari bilan aniq muhokamalar o‘tkazildi.

O‘rganishlar kambag‘allikni faqat pul tarqatish bilan hal qilib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.

Hozirda 3-5 million so‘mgacha oylik beraman degan korxonalarda 250 mingta bo‘sh ish o‘rni bor. Lekin, kambag‘al oilani 35 foiz ishga layoqatli aʼzolarida bilim va ko‘nikma kam.

Bola parvarishi bilan band bo‘lgani uchun ishlash xohishi bo‘lgan ayollarning 43 foizi ishga bora olmayapti.

Kambag‘al oilalarning 83 foizida katta tomorqa bor. Lekin, ularning 62 foizida – suv, 48 foizida – elektr muammosi bor, yana 50 foizi markazdagi bozorga borishga qiynalmoqda.

Davlat rahbari kambag‘allikka tushish sabablari har xil ekan, yechimi ham alohida-alohida bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

Hozirda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha keyingi yillar uchun juda katta “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanayotgani maʼlum qilindi.

Unda yettita imkoniyat va masʼuliyat tamoyili asosida O‘zbekistonning navbatdagi yangi yondashuvlari belgilab beriladi.

Bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi.

Mutasaddilarga har bir mahallani to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ulardagi “kambag‘al oilalar portreti”ni ishlab chiqish topshirildi. Kambag‘al oila bo‘yicha individual dastur bo‘ladi, har bir vazirlikning aniq vazifasi ko‘rsatiladi.

Iqtisodiy kompleks – J.Qo‘chqorov tizimi oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish bilan shug‘ullansa, ijtimoiy himoya – M.Olloyorov tizimi kimni reyestrga kiritish, qaysi oilani undan chiqarishga javob berishi belgilandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91720 | Инструменты