Huawei 1
O‘zbekistonda konsertlarning milliy an’analarga mosligi tekshirilishi mumkin

Endilikda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan konsertlar repertuarining milliy an’analar va umumbashariy qadriyatlarga mos kelishi tekshiriladi. Bu Madaniyat vazirligi tomonidan taklif qilinib, muhokamaga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 fevraldagi 86-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar loyihasida nazarda tutilgan.

Kiritilishi ko‘zda tutilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar loyihasida konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga o‘tkaziladigan konsert-tomosha tadbirining batafsil tafsilotlarigacha yoritib berilgan aniq ssenariy taqdim etilishi nazarda tutilgan.

Taqdim etilgan hujjatlar muassasaga kelib tushgan kundan e’tiboran “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi va uning hududiy bo‘limlari huzuridagi Ekspert komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Ekspert komissiyasi hujjatlarni ko‘rib chiqishda:

  • tadbir dasturi yoki ssenariysining g‘oyaviy-badiiy saviyasiga;
  • namoyish etilishi rejalashtirilgan repertuarning milliy an’analar va umumbashariy qadriyatlarga mos kelishiga;
  • tadbir dasturi yoki ssenariysida Vatanga sadoqat, Ona yurtga muhabbat kabi tuyg‘ularning aks ettirilganligiga e’tibor qaratilishi lozim.

Ekspert komissiyasi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan talabgorga ruxsatnoma berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida tegishli xulosa Ekspert komissiyasi yig‘ilishining bayoni bilan tasdiqlanadi.

Taklif 20 sentyabr kuni muhokamaga qo‘yilgan bo‘lib, 5 oktyabr kuni muhokama yakunlanishi belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 123022 | Инструменты