“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan maktablarda yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinishi va ular tomonidan maktab ta’miri va boshqa xarajatlarni o‘z hisobidan amalga oshirishiga to‘g‘ri kelganligi holatlari anonim so‘rov asosida o‘rganildi.
So‘rovnomada butun respublika bo‘ylab jami 5 745 nafar maktab o‘qituvchi va murabbiylari ishtirok etdi. Respondentlarning 1 878 nafari erkak (32,7%) va 3 867 nafari ayol (67,3%) pedagoglarni tashkil etdi.
So‘rovnomada yozgi ta’til davrida majburiy mehnatga jalb qilinganligi to‘g‘risidagi savolga ishtirokchilarning aksariyati (92,3%) ta’til davomida maktab rahbariyati tomonidan ishga chaqirilmaganligini ta’kidlaganligi bu yo‘nalishda amalga oshirilgan islohotlar o‘z samarasini berayotganligini ko‘rsatadi. Biroq respondentlar orasida ta’til davomida majburiy mehnatga jalb qilinganlari ham borligi (7,7%) bu yo‘nalishda nazoratni kuchaytirish lozimligidan dalolat bermoqda.
Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishda o‘qituvchi o‘z yonidan xarajat qildimi?
Shuningdek, so‘rovnomaning yana bir asosiy masalalaridan biri “Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan xarajat qilishiga to‘g‘ri keldimi?” degan savol bo‘ldi. Ushbu savolga respondentlarning 4 987 nafari (86,8%) qo‘shimcha xarajat qilishga to‘g‘ri kelmaganligini bildirgan bo‘lsa, 10,1 foizi o‘z hisobidan 500 ming so‘mga yaqin, 3 foizdan ortig‘i 1 mln so‘mdan ko‘p mablag‘lar ishlatishiga to‘g‘ri kelganligini bildirdi.
Ayniqsa, bu ko‘rsatkichlar Toshkent viloyati (48%) va Toshkent shahrida (45%) yuqori darajada ekanligi alohida e’tiborga loyiq.
Bu borada alohida suhbatlarda ma’lum qilinishicha, bu kabi xarajatlarni qoplash uchun o‘qituvchilarga sinf xonalarini o‘z hisobidan jihozlash va bezatish, birinchi sinflarda o‘yinchoq o‘ynash uchun burchaklar tashkil etish, sinf xonasining pol qismidagi linoleumlarni almashtirish uchun o‘z hisobidan 3 mln so‘mdan ortiq mablag‘ ishlatishga to‘g‘ri kelgan.
Dars soatlari adolatli taqsimlanganmi?
Shu bilan birgalikda, anonim so‘rovnomada o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlari qanchalik adolatli taqsimlanishi masalasi ham o‘rganildi.
Natijalarga ko‘ra, respondentlarning 84,4 foizi ularga maktab ma’muriyati tomonidan darslar adolatli taqsimlanishini bildirgan. Biroq 15,6 foiz respondentlar dars soatlari taqsimoti adolatli bo‘lmasligini bildirgan. Bu bo‘yicha e’tiroz, ayniqsa, Toshkent (42%), Navoiy (33%), Jizzax (22%), Samarqand (19%) viloyatlari va Toshkent shahrida (31%) yuqori darajada ekanligi ma’lum bo‘ldi.
O‘qituvchilar darsdan tashqari ishlarga jalb etilganmi?
O‘quv yili boshlanishi bilan pedagog xodimlar o‘zlarining muqaddas burchlarini bajarishga kirishadi. O‘qituvchilarning darslarni o‘z vaqtida bekamu-ko‘st o‘tishlari bolalarning darslarni o‘zlashtirishi va bilimlarga ega bo‘lishida muhim omil hisoblanadi. Darsdan tashqari vaqtlarda o‘qituvchilar o‘z ustida ishlashi va darslarga qiziqarli materiallar bilan tayyorgarlik ko‘rishlari talab etiladi. Biroq ba’zi hollarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘zlariga aloqador bo‘lmagan yig‘ilishlari hamda tadbirlariga jalb etilishi kabi holatlarga guvoh bo‘lamiz. Bundan tashqari, bugungi kunda mamlakatimizda yangi amaliyot bo‘lgan “Tashabbusli budjet” doirasida maktablarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash va ularda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish loyihalariga ovoz to‘plashga majbur bo‘lmoqda.
Mazkur masalalarda ham so‘rovnoma qatnashchilari fikri o‘rganildi. Unga ko‘ra, respondentlarning 78 foizi faoliyatida o‘zlariga yuklatilgan rasmiy majburiyatidan tashqari vazifalar yuklatilmasligini bildirgan. Lekin ishtirokchilarning 15 foizi “Tashabbusli budjet” loyihalariga ovoz yig‘ish vazifasi rahbariyat tomonidan yuklatilishini, 7 foizga yaqini mahalliy hokimiyatlar tomonidan tashkil etiladigan turli tadbirlarga jalb qilinishini malum qilgan.
Umuman olganda, mamlakatimizda majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishi taqiqlangan bo‘lib, nafaqat pedagoglar, balki istalgan kasb egalarining majburiy mehnatiga yo‘l qo‘yilganligi uchun qonunchilikda javobgarlik belgilangan.
O‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi va so‘rovnoma natijalaridan xulosa qilish mumkinki, maktablarda o‘qituvchilarning hurmatini joyiga qo‘yish, ularning majburiyatiga kirmaydigan ortiqcha vazifalarga jalb etishga barham berish, o‘quvchilarga sifatli ta’lim olish uchun munosib sharoit yaratish uchun tizimli islohotlarni davom ettirish zarur. Eng muhimi, mazkur jarayonlarda jamoatchilik nazoratini tizimli ravishda olib borish dolzarb ahamiyatga ega.
O‘tkazilgan o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha quyidagi taklif va tavsiyalar bildiriladi:
– o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etilishini oldini olish maqsadida Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi, jamoat tashkilotlari va mehnat inspeksiyalari bilan hamkorlikda monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish;
– maktablarda darslar taqsimoti adolatli bo‘lishi maqsadida maxsus elektron dastur ishlab chiqish. Bu orqali darslar taqsimotida inson omilini kamaytirish;
– kundalik.com platformasi orqali o‘qituvchilar va ota-onalar orasida muntazam ravishda maktablarda qo‘shimcha pul yig‘ishlarga oid anonim so‘rovnomalar o‘tkazib borish.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40506 | Инструменты