Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, u rasmiy eʼlon qilinganidan uch oy o‘tib kuchga kiradi.
Hujjatga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari quyidagi xavflarni qoplaydigan sug‘urta shartnomalarini tuzishi mumkin:
- tabiiy va texnogen ofatlar;
- yong‘in;
- o‘simliklarning zararkunandalar va kasalliklardan zararlanishi;
- qishloq xo‘jaligi hayvonlarining yuqumli kasalliklari tarqalishi va zaharlanishi;
- yovvoyi hayvonlar tomonidan ekinlarning payhon qilinishi yoki qishloq xo‘jaligi hayvonlariga zarar yetkazilishi;
- uchinchi shaxslarning harakatlari.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi risklarini sug‘urtalashni muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi.
Sug‘urtalashni boshqarish va ishlab chiqaruvchilarni xavf-xatarlardan himoya qilish va zararni qoplash uchun sug‘urtalovchi vazifasini bajaradigan Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tuziladi. Ushbu fond notijorat tashkilot bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining subyektlari — fond, ishlab chiqaruvchilar, vositachilar va mustaqil ekspertlar.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning bo‘lg‘usi hosilning va yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotining yo‘qotilishi (nobud bo‘lishi) xavfi, ekinlarga va qishloq xo‘jaligi hayvonlariga, shuningdek issiqxonalarga va ularda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotiga zarar yetkazilishi bilan bog‘liq bo‘lgan mulkiy manfaatlari qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining obyektlari hisoblanadi.
Sug‘urta mukofotining miqdori qishloq xo‘jaligi ekinlari va hayvonlarning har bir turi uchun belgilanadi va quyidagilarga bog‘liq bo‘ladi:
- o‘simliklar va hayvonlarning o‘ziga xos xususiyatlari va ular bilan bog‘liq xavflar;
- mintaqaning tabiiy-iqlim sharoitlari.
Sug‘urta hodisasi yuz berganda mustaqil ekspert xulosasi sug‘urta tovonini to‘lash uchun asos bo‘ladi. Agar jamg‘arma sug‘urta hodisasi yuz berganini tasdiqlasa, to‘lashdan bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qayta ekspertiza o‘tkazish zarurati tug‘ilsa, jamg‘arma tomonidan qo‘shimcha tekshiruv tashkil etiladi, agar zarar qasddan qilingan harakatlar natijasi ekani aniqlansa, tovon to‘lanmaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42217 | Инструменты