Huawei 1
Maskning AQSh hukumatidagi ta’siri tobora kamayib bormoqda

AQSh Davlat samaradorligi departamenti rahbari Ilon Maskning amaldorlardan hafta davomida amalga oshirilgan ishlar haqida yozma hisobot berishni talab qilgan buyruqlarini Amerikaning ko‘plab idoralari ochiqdan-ochiq sabotaj qilmoqda. Boshqalar esa buni faqat rasmiyatchilik uchungina ijro etadi. Bu haqda The Washington Post xabar bermoqda.

Mask 22 fevral kuni davlat xizmatchilaridan amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berishni talab qilgan. Barcha federal idoralarga har bir xodimdan bir haftada bajarilgan beshta ishni sanab o‘tish talab qilingan xatlar kelgan. Mask «javob berilmasligi iste’foga chiqish sifatida baholanishi»ni aytgan.

Ba’zi idoralar esa avvalboshidan bunday talablarni bajarishdan bosh tortgan. Xususan, Maskning direktivasidan ikki kun keyin bo‘lib o‘tgan hukumat apparatining yuqori mansabdor shaxslari ishtirokidagi brifingda kadrlar xizmati boshqarmasi vakillari tashabbusni ixtiyoriy deb hisoblashlarini, xodimlar allaqachon yuborishga ulgurgan hisobotlarga e’tibor qaratilmasligini aytishdi.

Umuman olganda, Maskning g‘oyasi kuchli qarshilikka uchradi, jumladan, Donald Trampning ba’zi eng yaqin maslahatchilari va Amerika vazirlari tomonidan ham. Shu sababli Oq uy ham ko‘p o‘tmay xodimlar har haftadagi yutuqlar ro‘yxatini yuborishi kerak yoki kerakmasligini vazirlarning o‘zi hal qilishi mumkinligini e’lon qildi.

Xulosa qilib aytganda, deb yozadi The Washington Post gazetasi, hukumatda Maskning talablari bo‘yicha siyosat izchil emas. Ba’zi agentliklar xodimlardan xatlarni talab qilishni butunlay to‘xtatgan, boshqalari esa ularni talab qiladi, lekin ularning mazmunini tekshirmaydi yoki javoblarni tahlil qilmaydi. Hozir ham har hafta hisobot yuboradigan ko‘plab rasmiylar har safar bir xil qolipda yozishmoqda.

Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi mart oyi oxirida xodimlarga xat yuborish «rag‘batlantirilishi, ammo majburiy emas» deb hisoblanishini ma’lum qilgandi. Milliy sog‘liqni saqlash institutlari (Sog‘liqni saqlash vazirligi muassasasi) aprel oyidan boshlab xodimlarni endi xat yozish kerak emasligidan ogohlantirib, agentlikning «o‘z samaradorligini baholash jarayonlari» borligini qayd etgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi amaldorlariga dastlab xatlarga javob bermaslik kerakligi haqida ko‘rsatma berilgan, keyin esa javob berish mumkinligi, undan ham keyinroq esa – bu zarurligi, ammo «mutlaqo shart emasligi» aytilgan. Ko‘plab xodimlar umuman javob bermaslikka qaror qilishgan, ba’zilari esa xabarlarni ko‘rib chiqayotgan odamlarni yoki dasturni «chalkashtirish» uchun rus tilida javob bera boshlagan, deb yozadi The Washington Post.

Shu bilan birga, ba’zi idoralar, aksincha, xatlarni to‘plash amaliyotini institutsionallashtirgan, javoblarni to‘plash uchun maxsus formalar yaratishgan. Masalan, qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiya muntazam ravishda xodimlarga har kuni ichki pochta orqali xat yuborish zarurligini eslatib turadi. Mudofaa vazirligida ham xodimlar har payshanba yoki juma kunlari xatlarni keyingi seshanbadan kechiktirmay yuborish kerakligi haqida eslatma oladi.

Bu maktublar bilan oxir-oqibat nima bo‘lishi noma’lum, deb yozadi The Washington Post. Javoblarni qayta ishlash bo‘yicha hech qanday markazlashgan strategiya mavjud emas.

Nashrning eslatishicha, Ilon Mask boshqaradigan kompaniyalarda haftalik hisobotlar amaliyoti keng tarqalgan. Ular yuqori intensiv ish madaniyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda qo‘shimcha baholash sifatida qo‘llanadi. The Washington Post suhbatdoshlari fikricha, davlat apparati yanada qisqartirilsa, xatlarning mazmuni xodimlarni ishdan bo‘shatishni oqlash uchun qo‘shimcha omil bo‘lishi mumkin.

The Washington Post gazetasi yozishicha, ayni paytda Maskning hukumatdagi ta’siri zaiflashmoqda. Uning maxsus davlat xizmatchisi maqomi may oyi oxirida tugaydi. Tanishlaridan biri jurnalistlarga Mask «siyosiy so‘llarning bir qator jirkanch va axloqsiz hujumlari»dan charchagani uchun ketishga tayyorligini aytgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42220 | Инструменты