Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida nazorat xaridi tadbiri o‘tkazildi. Unda “X XASANBOY VA XOLOD” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan, qadog‘ida shakarsiz deb ko‘rsatilgan “Xottabich” savdo belgisi ostidagi muzqaymoqning 7 ta turi xarid qilindi va laboratoriyalardan berilgan xulosalar quyidagi natijalarni ko‘rsatdi.
Xususan,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasining tasarrufidagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi laboratoriyasi “Xottabich” muzqaymog‘ining “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”,“Shokoladli”, “Olxo‘ri mevali” va “Plombir” kabi turlari tarkibida ichak tayoqchasi guruhidagi bakteriyalar borligini aniqladi.
“TEXNOSTANDART-NEO” MCHJning akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, mazkur muzqaymoqning “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”, “Shokoladli” va “Olxo‘ri” kabi turdagi mahsulotlar tarkibida saxaroza miqdori belgilangan meʼyorlardan ikki barobarga ko‘pligi yaʼni, belgilangan meʼyor 14,5 - 17,5 % o‘rniga 37,7 -38,1 % ekanligi maʼlum bo‘ldi. “Olma mevali” plombir mahsulotida esa aksincha saxaroza miqdori meʼyordan kamligi aniqlandi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining mahsulot markirovkasi (qadog‘i) bo‘yicha bergan xulosasiga ko‘ra, ushbu muzqaymoqning “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”, “Shokoladli”, “Olxo‘ri mevali”, “Olma mevali” va “Plombir” kabi turlari tarkibi hamda umumiy texnik reglament talablariga nomuvofiqligi aniqlangan.
O‘rganishlar davomida mazkur muzqaymoqlarda qadog‘ida “Muzqaymoqni isteʼmol qilish vazningizni kamaytiradi, immunitetingizni oshirish va stressdan chiqishda yordam beradi, shuningdek, yaxshi kayfiyat taqdim etadi” mazmunidagi jumlalarini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud emasligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 490-sonli qarorida nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari Texnik reglament talablariga muvofiq bo‘lmagan tamg‘alangan oziq-ovqat mahsulotlari muomalaga chiqarilishining oldini olish, shuningdek bunday mahsulotlarni bozorda muomaladan olib qo‘yish uchun barcha choralarni ko‘rishi shartligi belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122211 | Инструменты