O‘zbekistonda velosiped sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Hujjat bilan 2030-yilga qadar velosport bilan shug‘ullanuvchilar sonini 30 ming nafarga yetkazish hamda 2027-yildan boshlab turli toifadagi fuqarolar uchun qator an'anaviy musobaqalarni o‘tkazish belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2030-yilga qadar velosiped sport turlarini yanada ommalashtirish va rivojlantirishning aniq maqsadlari belgilab olindi. Asosiy vazifalar qatoriga mamlakatda velosport bilan ommaviy shug‘ullanuvchi aholi qamrovini 30 ming nafarga yetkazish hamda Osiyo qit’asi miqyosidagi musobaqalarda milliy terma jamoaning kuchli uchtalikka kirishini ta’minlash kiritilgan. Shuningdek, Olimpiya o‘yinlariga litsenziyalar sonini oshirish va medallar uchun kurashish ko‘zda tutilgan.
Aholini velosport orqali sog‘lom turmush tarziga jalb qilish maqsadida 2027-yil mart oyidan boshlab maxsus sport musobaqalari an'anaviy tarzda o‘tkazib boriladi. Xususan, talabalar o‘rtasida "Talabalar kubogi", zarur infratuzilmaga ega maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida "Direktor kubogi" hamda vazirlik va idoralar xodimlari o‘rtasida "Yangi O‘zbekiston" musobaqalari tashkil etiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun esa "Sening imkoniyating" paravelosport musobaqasi yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbirlar taqvimidan yirik ommaviy marafonlar ham o‘rin olgan. Jumladan, 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni doirasida ayollar o‘rtasida "Bahor malikalari" hamda 22-sentabr Avtomobilsiz kun aksiyasi doirasida umumiy aholi o‘rtasida "Salomatlik sari yo‘l" velomarafonlarini o‘tkazish belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111219 | Инструменты