Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan yana 9 ta noyob daraxtning nomzodnomalari tayyorlandi va ular "MonumentalTress.com" xalqaro ro‘yxatiga nomzod etib kiritildi.
Bular Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani hududidagi yoshi 100 yildan oshgan qayrag‘och daraxtlari (jami 5 ta), Jizzax viloyati Jizzax shahridagi yoshi 200 yildan oshgan tut daraxti, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahridagi 250-300 yoshli tut daraxti, Narpay tumanidagi 450 yillik hamda Payariq tumanidagi 1000 yoshdan oshgan chinor daraxtlaridir.
Ma'lumot uchun, avvalroq Jizzax viloyati Forish tumanidagi sharq biotasi daraxti (yoshi 1500 yil), Samarqand viloyati Urgut tumanidagi chinor daraxti (yoshi 1160 yil), Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi archa (yoshi 1000 yil), yong‘oq (yoshi 800 yil) hamda chinor daraxtlari (yoshi 600 yil), Surxondaryo viloyati Boysun tumani Sayrob qishlog‘idagi chinor daraxti (yoshi 900 yil), Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri Dorus-Saodat memorial majmuasi hududidagi chinor daraxti (yoshi 700 yil) va Jizzax viloyati Zomin milliy tabiat bog‘i hududidagi boboyong‘oq daraxti (yoshi 700 yil) "MonumentalTrees.com" ro‘yxatiga kiritilgandi.
Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida mazkur xalqaro ro‘yxatga o‘z tabiiy meros obyektlarini kiritgan birinchi va MDH davlatlari orasida uchinchi davlatga aylandi (Rossiya va Ozarbayjondan so‘ng).
Ayni damda Ekologiya vazirligi tomonidan mamlakatimizdagi ko‘p yillik noyob daraxtlarni "MonumentalTrees.com" ro‘yxatiga kiritish yuzasidan harakatlar davom ettirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42421 | Инструменты