2025 yilning III choragida budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi oshirilishi hamda inflatsiyaning nisbatan pastroq kuzatilishi fonida nominal va real ish haqi o‘sish sur’atlarining yuqori shakllanishi kuzatildi. Xususan o‘tgan 9 oy davomida nominal ish haqi yillik 19,2 foizga o‘sgan bo‘lsa, real ish haqi o‘sish sur’ati 9,1 foizni tashkil etdi, deyiladi Markaziy bankning Mehnat bozori sharhida.
O‘rtacha oylik ish haqi qariyb 6,2 mln so‘mga teng bo‘ldi. Sohalar kesimida, moliya va sug‘urta hamda axborot va kommunikatsiya xizmatlari yo‘nalishlarida o‘rtacha ish haqining boshqa sohalarga nisbatan yuqori shakllanishi saqlanib qolgan (mos ravishda 16,8 va 15 mln so‘m). Shu bilan birga, III chorak davomida ijtimoiy xizmatlar, tashish va saqlash hamda boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi xodimlarning ish haqi qolgan tarmoqlarda faoliyat yurituvchilarnikiga nisbatan real va nominal qiymatlarda yuqoriroq o‘sdi. Ish haqining eng kam o‘sishi qurilish sohasida saqlanib qoldi, ushbu sohada faoliyat yurituvchi xodimlarning o‘rtacha ish haqi nominal qiymatda yillik 9,2 foizga oshgan bo‘lsa, real qiymatda 0,1 foizga kamaydi.
Hududlar kesimida, 2025 yilning o‘tgan 9 oyi davomida real ish haqining eng yuqori o‘sishi Samarqand (14,6 foiz), Sirdaryo (11,1 foiz) va Namangan viloyatlarida (10,9 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past o‘sish Andijon (2,9 foiz) va Navoiy (5,9 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.
«Real ish haqi o‘sishidagi hududiy farqlar iqtisodiy faollik va ishchi kuchiga bo‘lgan talabning hududlar kesimidagi turli darajalarini aks ettiradi. Ayrim hududlarda ish haqining yuqoriroq o‘sishi mazkur hududlarda mehnat bozorining faolligi, ishchi kuchiga bo‘lgan talabning balandroq kuzatilayotganligidan dalolat berib, uy-xo‘jaliklari iste’mol xarajatlari yuqoriroq shakllanishiga olib kelishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, hududiy iqtisodiy o‘sishni qo‘llab quvvatlashi, biroq agar ish haqi o‘sishi ishlab chiqarish unumdorligi o‘sishidan yuqoriroq shakllansa talab tomondan inflyatsion bosimning oshishi kuzatilishi mumkin», deyiladi Markaziy bank sharhida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122713 | Инструменты