2025-yil oktyabr oyida iste’mol sektoridagi tovar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,6 foizga qimmatlashdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi. Unga ko'ra, yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) — 107,8 foiz bo'lib, bu ko'rsatkich o'tgan yil oktyabrdagi 110,2 foizdan 2,5 foiz punktiga past.
Oktyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 0,9 % ga, nooziq-ovqat tovarlari 0,4 % ga hamda aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,3 % ga qimmatlashgani kuzatilgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan pomidor (61 %), bodring (58,2 %), baqlajon (11,3 %), bulg‘or qalampiri (10,6 %), tarvuz (7,0 %), qovun (4,6 %), mandarin (4,2 %), tovuq tuxumi (4,1 %), uzum (3,6 %), banan (2,3 %), mol go‘shti (suyaksiz go‘shtdan tashqari) (1,7 %), quy go‘shti (1,6 %), paxta moyi (1 %), kungaboqar moyi (0,7 %) hamda birinchi navli bug‘doy uni (0,4 %) narxlarining oshishi inflyatsiyaga asosiy ta’sir ko‘rsatdi.
Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan qimmatbaho metallardan yasalgan nikoh uzuklari (5,2 %), propan (3,3 %), benzin (1,5 %) va sement (1,2 %) narxlarida o‘sish kuzatildi.
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida 195 mingga yaqin narxlar qayd etilgan. 420 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 90 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110119 | Инструменты