Huawei 1
OTB O‘zbekistonda mikrokorxonalarni rivojlantirish uchun 300 mln dollar ajratadi

19-sentyabr kuni Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston hukumatining mikrokorxonalarning moliya olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha choralarini qo‘llab-quvvatlash uchun 300 million dollar miqdorida sektorni rivojlantirish dasturini maʼqulladi, deya xabar bermoqda bank matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Qayd etilishicha, dastur o‘z ichiga bank xizmatlari bilan qamrab olinmagan yoki yetarli darajada qamrab olinmagan mikrokorxonalarni qo‘llashni oladi. Bu esa mamlakatda barqaror va inklyuziv o‘sishga imkoniyat yaratadi, deyiladi xabarda.

«Inklyuziv va barqaror mikromoliyalash sektori O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlari yaratilishining harakatlantiruvchi kuchi hisoblanmish mikro va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim ahamiyatga ega. OTB ko‘magida amalga oshirilayotgan moliyaviy islohotlar O‘zbekiston hukumatining davlat banklarini tijoratlashtirish bo‘yicha saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, islohotlar mikromoliya tashkilotlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga yordam beradi va natijada, ular fermerlar, mikro va kichik korxonalar ehtiyojlariga yaxshiroq xizmat ko‘rsatishi va moliyaviy barqarorlikka hissa qo‘shishi mumkin.

Inklyuziv moliya sektorini rivojlantirish dasturining 1-kichik dasturi inklyuziv moliyani rivojlantirish uchun siyosat muhitini yaxshilash, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning institutsional salohiyatini oshirish va mikromoliya bozori o‘sishini taʼminlash uchun moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha tarkibiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

«Ushbu qarz orqali OTB tadbirkorlar uchun, xususan, ayollar uchun moliyaviy mahsulotlar va xizmatlardan keng foydalanish imkoniyatini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Bu ularning hayotini yaxshilashga yordam beradi», — dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.

Mamlakatning moliya sektorida davlat tijorat banklari ustunlik qiladi, inklyuziv moliyani taqdim etuvchi mikromoliya tashkilotlari esa bank tizimining atigi 0,5 foizini tashkil qiladi. Global Findex‘ning 2021 yilgi maʼlumotlariga ko‘ra, voyaga yetgan O‘zbekistonliklarning faqat 44 foizi rasmiy moliya institutlarida hisob raqamlariga ega, bu esa Markaziy Osiyodagi o‘rtacha 58 foizni tashkil etuvchi mintaqaviy ko‘rsatkichdan ancha past.

Tijorat mikromoliyalashning yuzaga kelayotgan yangi darajasi kichik va o‘rta korxonalar (KO‘K) uchun inklyuziv moliyalashtirish bozorida sezilarli kredit bo‘shlig‘ini yaratdi. OTB ko‘magi hukumatga kredit bo‘shlig‘ini bartaraf etish, inklyuziv moliya tizimini kengaytirish va mamlakatning taraqqiyet rejasi bo‘lmish «O‘zbekiston 2030» strategiyasiga muvofiq barqaror va inklyuziv o‘sishni rag‘batlantirishga yordam beradi.

OTB O‘zbekiston bank sektorining strategik hamkori va investori bo‘lib, KO‘K sektorini barqaror qo‘llab-quvvatlashga strategik jihatdan yo‘naltirilgan asosiy davlat va xususiy banklar bilan hamkorlik qiladi, deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92000 | Инструменты