Huawei 2
"O'tgan aprel oyida anomal yuqori va anomal past haroratlar kuzatilmadi" - O'zgidromet

2024-yilning aprel oyi harorat tartibi bo‘yicha iqlimiy qiymatlardan iliqroq bo‘ldi.

Respublika hududining katta qismida o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 1-2 darajaga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va respublikaning cho‘l hududlarida me’yordan 3-5 darajaga yuqori bo‘lgan.

O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy qismi bo‘yicha o‘tgan oy meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq aprel oylari beshligiga kirdi.

Oy davomida kunduzgi harorat 15-20 daraja iliqdan 27-32 daraja iliqqacha o‘zgarib turdi. Respublika shimolida, eng chekka janubida va cho‘l hududlarida eng iliq kunlarda havo ba’zi joylarda 34-35 daraja iliqqacha isidi.

Harorat kechalari 10-15 daraja iliq atrofida, ba’zi joylarda 17-20 daraja iliqqacha bo‘ldi va faqat eng salqin kechalarda 4-9 daraja iliqqacha pasaydi.

O‘tgan aprel oyida anomal yuqori va anomal past haroratlar kuzatilmadi.

Metrologik kuzatuvlarg tarixida maksimal havo harorati uchun rekord ko‘rsatkichlar hududning katta qismi bo‘yicha 36-37 daraja iliqni, minimal harorat 4-6 daraja sovuqni, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 7-11 daraja sovuqni, Surxondaryo viloyatida 0-2 daraja sovuqni tashkil etadi.

Aprel oyi quruq bo‘ldi. Respublika hududining katta qismida aprel oyida yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi kuzatildi. Shunga qaramay, qator tumanlarda ayrim kunlarda kuchli jala yomg‘irlar yog‘di, bunda oylik yog‘ingarchilik miqdoridan uchdan bir qismigacha yoki undan ko‘prog‘i bir kecha-kunduzda yog‘di.

Shunday qilib, 12 aprel kuni Payshanba meteostansiyasi (Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani) hududida 12 soatda 35 mm yomg‘ir (aprel oyi oylik me’yoridan 67%) yog‘di. 13 aprel kuni So‘qoq meteostansiyasi (Toshkent viloyati Parkent tumani) hududida 12 soatda 63 mm (me’yordan 44%), Shahrisabz meteostansiyasi (Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani) hududida 8 soatda 31 mm yomg‘ir (me’yordan 38%) yog‘di. 13 aprel kuni Jongeldi meteostansiyasi (Buxoro viloyati cho‘l hududi) hududida ko‘p yomg‘ir yog‘madi, 12 soatda 16 mm yog‘ingarchilik kuzatildi, ammo bu qiymat me’yordan 100% ni tashkil etadi va bu butun aprel oyi davomida ushbu hududda yagona yomg‘ir yog‘ish holati bo‘ldi.

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda kuchli jala yog‘ishi sel-suv toshqin hodisalarining rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida sel va suv toshqinlari kuzatildi.

O‘zgidromet tomonidan barcha sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi holatlari haqida tezkor gidrometeorologik axborotlar berilgan. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga