O'zbekiston bo'ylab “Do‘stlik” festivali doirasida 9 kun davomida turli tadbirlar bo‘lib o‘tadi

Bugun AOKAda 30 iyul — "Xalqlar do‘stligi kuni" munosabati bilan millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov va mutasaddilar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

30-iyul – 7-avgust kunlari “Do‘stlik” festivali doirasida yurtimizda turli madaniy, ma’naviy-marifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar rejalashtirilgan.  

Xususan, 31-iyul – 3-avgust kunlari mamlakatning barcha hududlari bo‘ylab bayram sayllari, konsert dasturlari tashkil qilinishi belgilangan.

4-avgust kuni poytaxtdagi “Cinema Palace” kino saroyida “Do‘stlik” videoroliklar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash tadbiri o‘tkaziladi.

5-avgust kuni poytaxtdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Markaziy Osiyo davlatlarida millatlararo totuvlikni ta’minlash” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil qilinadi.

Konferensiya shoʻbalari:

  • 1-shoʻba. “Markaziy Osiyo davlatlarida etnomadaniy aloqalar: do‘stlik va barqarorlik garovi”
  • 2-shoʻba. “Vatandoshlar jamoat birlashmalari bilan ishlashda Markaziy Osiyo davlatlarining tajribasi”
  • 3-shoʻba. “Etnoturizm va etnosport: xorij tajribasi va rivojlanish istiqbollari”.

6-avgust kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan vazirlik, idora vakillari, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari va xorijlik hamkorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Shu kuni Toshkentdagi Adiblar xiyobonida “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” qardosh xalqlar yozuvchi va shoirlarining asarlari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

Shu kunning o‘zida “Xalqlar do‘stligi” maydonida “Do‘stlik ohanglari” nomi ostida taniqli estrada, opera san’ati ustalari va O‘zbekiston milliy simfonik orkestri jo‘rligidagi katta gala-konsert hamda “Do‘stlik fashion” milliy an’anaviy kostyumlar va zamonaviy liboslar defilesi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

6-7-avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning madaniyat va istirohat bog‘lari, xiyobon va saylgohlari turli millat vakillari ishtirokida “Xalqlar do‘stligi” konsert dasturlari namoyishi bo‘lib o‘tadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40406 | Инструменты