Huawei 1
O'zbekiston qonunchiligida 1-maydan nimalar o'zgaradi?

2024-yil 1-maydan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgartirishlar sharhi taqdim etildi.

Elektr va gaz bo‘yicha yangi meʼyorlar

Aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik isteʼmolining bazaviy meʼyorlari tasdiqlanmoqda.

Favqulodda hodisilar uchun volontyorlik guruhlari tashkil etilmoqda

Har bir hududda kuchli zilzilada aholini qutqarish ishlariga jalb etish uchun volontyorlik guruhlari shakllantiriladi.

Yolg‘iz keksalar  va nogironligi bor shaxslarga oylik moddiy yordam to‘lanadi.

Reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qo‘shimcha pul to‘lovlari o‘rniga yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oyda minimal isteʼmol xarajatlari miqdorida moddiy yordam to‘lanadi.

Ijro etuvchi hokimiyatning hududiy bo‘linmalari elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tishadi

“Raqamli hukumat” tizimi doirasida ijro etuvchi hokimiyatning hududiy bo‘linmalari va ular tasarrufidagi tashkilotlar  to‘liq elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tkaziladi.

Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida eksperiment amalga oshiriladi

Eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini autsorsing asosida jalb etiladi.

Daryo bo‘ylaridan qum-shag‘al materiallarini qazib olish uchun ruxsatnoma - faqat “E-auksion” platformasi orqali beriladi

Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi.

Daryo bo‘ylari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqini faqat “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali realizatsiya qilinadi.

Daryo bo‘ylari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallarini qazib olishni taqiqlash va tog‘li yoki tog‘oldi hududlarda (quruqlikda) joylashgan muqobil kon uchastkalarida qazish ishlarini tashkil etish taqiqlanadi.

Ijro hujjatlari – onlayn tarzda beriladi

Sud hujjatlari asosida ijro hujjatlari elektron shaklda beriladi. 

Shuningdek, fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad belgilanmoqda (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmi).

17 turdagi xulosalarni berish – davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi

Xulosalarni berish davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali amalga oshiriladi. Xulosalar qatorida quyidagilar bor: 

- magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini
qurish, ulardan foydalanish hamda ularni taʼmirlashda sanoat xavfsizligi
talablariga muvofiqligi to‘g‘risida;

- bino (inshoot) va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga
muvofiqligi to‘g‘risida;

- dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni teleradiokanallar orqali  reklama qilish bo‘yicha va boshqalar.

Fermerlarga JSHDSni qaytarish bo‘yicha eksperiment yakunlanmoqda 

2023 yil 1 apreldan 2024 yil 1 mayga qadar eksperiment tariqasida paxta va (yoki) g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga  ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan JSHDSni qaytarib berish tartibi joriy etilgan.

Auksion orqali sanitariya-gigiyena shoxobchalarini o‘rnatish huquqiga ega bo‘lish mumkin 

Tadbirkorlik subyektlariga jamoat joylari, ijtimoiy obyektlar va aholi punktlarining belgilangan joylarida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini tashkil etish huquqi beriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga