Poytaxtdagi "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida Jurnalistika sohasidagi "Oltin qalam" XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yuksak saviya va yangi formatda tashkil etilgan ushbu taqdirlash marosimiga taniqli jurnalistlar, faxriy-ustozlar, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda media soha xodimlari, jurnalistika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, talabalar, xalqaro tashkilotlar va elchixonalar vakillari, shuningdek, bir qator xorijiy davlatlardagi media uyushmalarining mutasaddilari taklif etildi.
"Oltin qalam" XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda 600 ga yaqin mahalliy va xorijiy OAV vakillari 4 mingdan ziyod ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi. Bu o‘z navbatida, jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar jarayonida jurnalistlarning faolligini ko‘rsatadi.
Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlangan "Oltin qalam" Milliy mukofoti O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tashabbusi bilan 2006-yilda ta’sis etilgan va har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yillar davomida tanlov takomillashib, uning qamrovi yanada kengaydi.
Bu yilgi tanlovga televideniye yo‘nalishida mamlakatimizdagi davlat va nodavlat telekanallarida faoliyat olib borayotgan 98 nafar jurnalist o‘z materiallarini taqdim etgan bo‘lsa, radio yo‘nalishida 26 nafar, bosma OAV yo‘nalishida esa eng ko‘p — 178 nafar, internet nashrlari yo‘nalishi bo‘yicha 75 nafar, "Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun" nominatsiyasida ham har yilgidan ko‘p — 40 dan ortiq davlatdan 100 nafarga yaqin jurnalist qatnashgan. Bu yilgi tanlovning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, odatda, har yili jamoaviy qatnashuvchi tahririyatlar soni 5-10 ta bo‘lardi.
Joriy yilda oldingi yillarga nisbatan jamoaviy ishtirok etuvchilar soni 3 barobar oshgan, ya’ni 40 taga yaqin tahririyat tanlovga ijodiy ishlarini taqdim etgan.
"Oltin qalam" XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda "Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun" yo‘nalishi 12 ta nominatsiyadan biri sifatida belgilangan. Ushbu nominatsiya bo‘yicha 22 nafar jurnalist 30 ga yaqin publitsistik janrdagi kitoblari bilan ishtirok etgan.
Tanlovning "Eng yaxshi fotoreportaj uchun" nominatsiyasi g‘olibi esa 47 nafar fotojurnalistning 1500 ga yaqin ijodiy ishlarini baholash orqali aniqlangan. Bu yo‘nalishda ishtirok etgan ijodkorlar soni o‘tgan yilga nisbatan qariyb 3 barobar oshgani fotojurnalistning jamiyat hayotida faolligidan dalolat beradi.
Rag‘batlantiruvchi nominatsiyaning qolgan 10 ta yo‘nalishi g‘oliblari tanlovning televideniye, radio, bosma nashrlar va internet nashrlari bo‘yicha 550 nafarga yaqin OAV vakillari orasidan mukofotga loyiq ko‘rilgan.
"Oltin qalam" XVIII tanlovida xalqaro hamkorlar tomonidan taklif etilgan rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar e’lon qilingani ham e’tiborga molik. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan joriy qilingan 2 ta nominatsiya, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan kiritilgan 1 ta nominatsiya bo‘yicha ijodiy ishlar qabul qilindi.
Xalqaro hamkorlarning rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari g‘oliblari maxsus diplom va sovg‘alar bilan taqdirlanadi hamda Xitoy Xalq Respublikasi va Turkiya Respublikasiga bepul sayohatga borish yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.
Tanlov ishtirokchilari ko‘pligini, taqdim etilgan ijodiy ishlarning rang-barangligini hisobga olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi yana ikkita qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi nominatsiya joriy etdi va g‘oliblar taqdirlandi.
"Oltin qalam" XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda Bosh mukofotga Uzreport TV — O‘zbekistondagi birinchi nodavlat informatsion telekanali munosib topildi.
Bosh milliy mukofotga loyiq ko‘rilgan jamoaga Prezident sovg‘asi — "Tracker"avtomobili sovg‘a qilindi.
- Mamlakatimizda kechayotgan islohotlar ommaviy axborot vositalarida ham o‘z aksini topmoqda, - dedi "Uzreport TV" telekanali bosh muharriri Saidolimxon Turdiboyev. - Mehnatimiz katta sahnalarda yuksak e’tirof etilganidan juda mamnunmiz. Buning uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz. Bu mukofot butun jamoamizning yutug‘i sanaladi.
Tantanali tadbirda g‘oliblarga "Oltin qalam" milliy mukofotining statuetkasi, diplomi, pul mukofotlar tantanali topshirildi.
Ma'lumot o'rnida, 2014-yilda UzReport.uz eng yaxshi Internet-jurnalistiка materiali uchun "Oltin qalam" mukofotini qo'lga kiritgan edi. Shuningdek, 2015-yilda "Uzreport TV" kanali "Oltin qalam" tanlovining bosh mukofotiga loyiq deb topilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122404 | Инструменты