O'zbekistonda Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalari savdosi to'xtatildi
Farmasevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi ma’lum qilishicha, Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va O'zbekistonda ro'yxatdan o'tkazilgan barcha turdagi dori vositalari savdosi to'xtatildi.
Qayd etishilishicha, "Dok-1 Maks" dori vositasining savdosi 2022-yil 22-dekabrdan vaqtincha to'xtatilgan bo'lib, "Quramax medical" MChJga realizatsiya qilingan dorixonalardagi qoldiq dori vositalarini qaytarib olish hamda dorixonalarga mazkur dori vositasini yetkazib beruvchi distribyutorga zudlik bilan qaytarish choralarini ko'rish bo'yicha tegishli ko'rsatma berilgan. Hamda ushbu dori vositalari respublikadagi barcha dorixonalardan tezkorlik bilan yig'ib olingan.
Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatovaning ta’kidlashicha, 30-dekabrdan Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va O`zbekistonda ro'yxatdan o'tkazilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi vaqtinchalik to'xtatildi.
"Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan „Dok-1 Maks“ dori vositasi tarkibida qo`shimcha yot moddalar aniqlanganligi bois, hozirda ushbu ishlab chiqaruvchining boshqa mahsulotlarida ham ham xuddi shunday holat kuzatilish ehtimolini inobatga olgan holda, kompaniyaning boshqa mahsulotlari ham chuqur laborator tekshiruvlaridan o'tkazilmoqda", — dedi u.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi “Dok-1 Maks” bilan bog’liq voqealarga munosabat bildirgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120213 | Инструменты