Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi “Dok-1 Maks” yo‘tal siropidan zaharlanib, vafot etgan 19 nafar bolaning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
“Elchixona Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” yo‘tal siropi zaharlangani gumon qilinib, O‘zbekistonda 19 nafar bolaning baxtsiz o‘limi bilan bog‘liq voqealarni diqqat bilan kuzatib bormoqda”, deyiladi bayonotda.
Elchixona Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligidan o'z tergov hisobotlarini Hindiston tomoni bilan bo'lishishni so'radi, shunda Hindistonda ham zarur choralar ko'rilishi mumkin.
Bayonotda aytilishicha, Hindistonning Dori vositalari standartlarini nazorat qilish markaziy tashkiloti (CDSCO) ham 27-dekabrdan beri O‘zbekiston milliy dori vositalarini tartibga soluvchi organ bilan doimiy aloqada bo‘lib kelmoqda.
“Tegishli ma'lumotlar olingandan so'ng, ishlab chiqaruvchining uskunalari tekshiruvdan o'tkazildi va tekshiruv hisoboti asosida tegishli choralar ko'riladi”, deyiladi bayonotda.
Ma’lum qilinishicha, yo'tal siropi namunalari ham olinib, sinov uchun Hindistonning Chandigarh shahridagi Mintaqaviy dori sinov laboratoriyasiga yuborilgan.
Eslatib o'tamiz, avvalroq "Dok-1 Maks" dorisini ishlab chiqaruvchi Marion Biotech kompaniyasi O‘zbekistonda bolalar o‘limiga izoh bergan edi.
O‘zbekistonda "Dok-1 Maks" dorisini iste'mol qilgan 19 nafar bola vafot etdi
Bundan bir necha kun avval O‘zbekistonda "Dok-1 Maks" tabletka va sirop dori vositalarining savdosi to‘xtatildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 23-dekabrdagi buyrug‘i bilan ushbu dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan. Sababi "Dok-1 Maks" preparatini qo‘llash oqibatida vafot etgan bolalar soni 19 nafarga yetdi.
27-dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev videomurojaat orqali "Dok-1 Maks" siropini ichish natijasida dunyodan ko‘z yumgan 18 nafar bolaning ota-onalari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Ma'lumot uchun, Hindistonning Marion Biotech Pvt. Ltd kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan "Dok-1 Maks" siropi va tabletkalari O'zbekistonda 2012-yilda ro'yxatga olingan va o'sha yili sotuvga chiqarilgan. Ushbu dori vositasi Oʻzbekistonga “Quramax Medical” MChJ tomonidan olib kelingan.
Ushbu holat yuzasidan 27-dekabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan dorini O'zbekistonga import qilgan “Quramax medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shu o'rinda Hindiston hukumati ham "Dok-1 Maks" dorisini ishlab chiqargan Marion Biotech kompaniyasiga qarshi surishtiruv boshladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120215 | Инструменты