Shuningdek, ko'p qavatli uylarni qurgan 1,3 mingdan ortiq shirkatlarning 627 mlrd so‘m kreditlari muzlatildi
Uy joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining ko‘p xonadonli uy-joylar sohasidagi o‘zgarishlar, mavjud muammolar yechimiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi, deya xabar qilmoqda Uzreport.news saytiga vazirlik matbuot xizmati.
Xabarga ko'ra, bugungi kunda respublikda mavjud 39 683 ta ko‘p qavatli uyga 593 ta boshqaruv kompaniyasi va 772 ta shirkat xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
2017-2021-yillarda 27 792 ta uy ta’mirlangan bo‘lsa, 2022-2025-yillarda 6 085 ta uyni ta’mirlash nazarda tutilmoqda.
Boshqaruvchi tashkilotlarning kredit qarzdorligi 2 baravarga qisqardi, 500 nafarga yaqin ish o‘rinlari yaratildi, ishchilar ish haqi hamda boshqaruvchi tashkilotlar daromadi 2 baravarga oshdi.

Shu bilan birga, respublikada faoliyat olib borayotgan 772 ta uy-joy mulkdorlari shirkatining 311 tasida muammoli kreditor qarzdorliklari mavjud bo‘lib, 2,5 mingdan ziyod ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholiga tegishli xizmatlar ko‘rsatilmay yoki sifatsiz ko‘rsatib kelinmoqda.
Shuningdek, 2022-yil 1-sentabrga qadar shirkatlar mulkdorlar qarori bilan tugatilgan taqdirda ularning muammoli kreditlari 3 yilga muzlatiladi va tegishli ko‘p kvartirali uylarni boshqarish reytingi yuqori bo‘lgan boshqaruvchi tashkilotga beriladi. Bu haqda Prezident qarori ham bor.

2017-2022 yillarda shirkatlar jami 1 887,2 mlrd so‘m kredit olgan bo‘lib, ushbu kreditlarning qoplanmagan qismi 1 156,8 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Bugungi kunda 1 303 ta tugatilgan shirkatlarning 627 mlrd so‘m kredit mablag‘lari 3 yilga muzlatilgan. Qolgan respublikadagi 772 ta shirkatdan 311 tasida jami 201 mlrd so‘m miqdoridagi muammoli kreditlar mavjud.
Endilikda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari elektron reestrga kiritilgandan so‘ng faoliyatini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda aksariyat mulkdorlar boshqarish organlari to‘g‘risida, xususan, boshqarish organi rahbari, uning sertifikatga ega yoki ega emasligi, tashkilot manzili, boshqaruvidagi uylar to‘g‘risidagi ma’lumotga ega emaslar.
Boshqaruv organlarining reestrida yuqoridagi ma’lumotlar o‘rin olishi bilan birga, uning reytingi, xizmat ko‘rsatib kelayotgan maydoni va boshqa statistik ma’lumotlar kiritiladi.

Alpha version: 0.9.1.19 build 52321 | Инструменты