O'zbekistonda rangli paxta parvarishlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining “Gʻo‘za biotexnologiyasi” laboratoriyasida rangli paxta yetishtirilmoqda.

Ya’ni laboratoriya tajriba maydonida olimlarimiz tomonidan molekulyar genetika, fiziologiya, biokimyo hamda seleksiyaning zamonaviy uslublarini qo‘llagan holda yuqori tola sifatiga ega navlarni yaratish ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Ma'lumki, tabiatda oppoq paxtadan tashqari turli rangdagi g‘o‘za ekinlari ham mavjud. Laboratoriya xodimlari aynan ushbu g‘o‘za navlari ustida tadqiqotlar olib borib, tolasi och qo‘ng‘ir, to‘q qo‘ng‘ir, qizg‘ish, sarg‘ish, och yashil, to‘q yashil va boshqa rangdagi g‘o‘za namunalarining qimmatli xo‘jalik belgilari sifatini oshirishmoqda. Ular kelgusida yana boshqa rangli g‘o‘zalar ustida ishlashni ham maqsad qilib qo‘yishgan. Sababi, O'zbekistonda ushbu yo‘nalishni rivojlantirish nafaqat qishloq xo‘jaligi iqtisodiy samaradorligini, balki eksport salohiyatini ham  oshirishga xizmat qiladi.

"Tabiiy rangli paxta tolasiga ega g‘o‘za navlarining tola sifati birmuncha past bo‘lsa-da, ularning biotik va abiotik stresslarga, xususan, zararkunanda hasharotlarga, turli kasalliklarga, sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamlilik xususiyatlari yuqori ekanligi o‘rganilgan. Shu boisdan, ularni yetishtirishda atrof-muhitga zarar yetkazadigan pestitsidlar va insektitsidlarga kamroq ehtiyoj seziladi. Bu esa o‘z navbatida organik paxta yetishtirish imkoniyatini oshiradi. Tabiiy rangdagi paxta tolasi sifatining past ekanligi bois, asosiy tola sifati ko‘rsatkichlari, xususan tola uzunligi, pishiqligi va mikroneyrini yaxshilash hamda hosildorligini oshirish bo‘yicha seleksionerlar tomonidan ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilmoqda", deyiladi vazirlik xabarida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40217 | Инструменты