Shuningdek, maktab bitiruvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha tayyorgarligi va ta’lim sifati darajasi bo‘yicha ham reyting ochiqlandi
Joriy yilning 3-oktabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida umumta’lim maktablari reytingini e’lon qilishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.Bu haqda Uzreport.news manbasiga Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Barcha maktablar reytingini aniqlash uchun respublikaning 14 ta hududidagi 207 ta tuman (shahar)larda joylashgan 9 954 (o‘tgan yilda 9 622 ta) maktab faoliyati tahlil qilindi.
Tahlil natijalari asosida 2021-yil yakunlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek tuman (shahar) kesimida umumta’lim muassasalarining reytingi hamda tuman va shaharlarning ta’lim sifati bo‘yicha reytingi tayyorlandi.
Bunda xalqaro tajriba (Finlyandiya, AQSH, Janubiy Koreya, Rossiya) hamda mahalliy ustuvor masalalarga alohida e’tibor berilib, 4 ta yo‘nalishda 8 ta indikator belgilandi.
- o‘quvchilarning hayotga tayyorgarlik darajasi (bilim darajasi, oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi, xorijiy tilni bilish darajasi va bandlik);
- pedagoglarning sifat tarkibi va salohiyati (oliy va birinchi toifaga ega pedagoglar ulushi);
- maktablardagi ma’naviy-ma’rifiy va o‘quv-tarbiyaviy muhit
(5 ta tashabbus doirasida amalga oshirilgan ishlar va o‘quvchilar orasida jinoyatchilik);
- mahalliy hokimliklarning maktablar rivoji uchun qo‘shgan hissasi (mahalliy budjetning orttirilgan mablag‘lari hisobidan maktab rivoji uchun sarflangan mablag‘lar).
Hududlar reytingida:
- Eng yuqori o‘rinlarni Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari egallagan bo‘lsa, eng oxirgi o‘rinlarni Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari band etishdi.
Tuman va Shaharlar reytingida:
Yuqori o‘ntalikdan Navoiy, Buxoro shaharlari, Jondor tumani, Kogon shahri, Zarafshon, Xiva shaharlari, Kogon, Uchquduq tumanlari, Urganch, Gʻozg‘on shaharlari joy oldi.
So‘nggi o‘rinlarda esa Bo‘ka, Taxiatosh, Toshkent, Tuproqqal’a, Zafarobod tumanlari, Nurafshon shahri, hamda Uchtepa, Qibray, Qamashi, Yuqori Chirchiq tumanlari ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Ixtisoslashtirilgan maktablar bo‘yicha yuqori o‘ntalikdan Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 4-IDUM, Xorazm viloyati Urganch shahridagi 6-IMI, Buxoro viloyati Jondor tumani 49-IDUM, Xorazm viloyati Shovot tumani XFMMI, Buxoro viloyati Kogon tumani 1-IDUM, Xorazm viloyati Xiva shahri 56-IMI, Jizzax viloyati Jizzax shahri “Umid IDUM”, Namangan Mingbuloq tumani 13-IDUM, Namangan viloyati Chortoq tumani 20-IDUM, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani 12-AFCHO‘IMIlar o‘rin olishdi.
So‘nggi o‘rinlarda esa Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 16-IDUM, Namangan viloyati Namangan shahridagi 40-IDUM, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi 69-IDUM, Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 180-IDUM, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi 12-IDUM, Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanidagi 39-IDUM, Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 56-IDUM, Xorazm viloyati Xiva shahridagi
97-MMI, Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi 47-IDUM, Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 27-IDUM maktablar ekanligi aniqlandi.
Umumiy o‘rta maktablar reytingida yuqori TOP-10 likdan Navoiy viloyati Navoiy shahri 13-maktab, Buxoro viloyati Buxoro shahri 38-maktab, Buxoro viloyati Buxoro tumani 49-maktab, Buxoro viloyati Jondor tumani 3-maktab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani 21-maktab, Navoiy viloyati Navoiy shahri 9-maktab, Buxoro viloyati Buxoro shahri 28-maktab, Buxoro viloyati Buxoro tumani 14-maktab, Buxoro viloyati Jondor tumani 41-, 38-maktablar o‘rin oldi.
So‘nggi o‘rinlarda esa Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 34-maktab, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 209-maktab, Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 295-, 62-maktablar, Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanidagi 16-maktab, Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi 54-maktab, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi 99-98- va 100-maktablar hamda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 178-maktab ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Maktab bitiruvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha tayyorgarligi va ta’lim sifati darajasi bo‘yicha:
Bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida to‘plagan ballari bo‘yicha tuman va shaharlar miqyosida eng yuqori TOP-5 ta o‘rinlarni Navoiy shahri (88,5), Buvayda tumani (88,1), Qiziltepa tumani (86,7 ball), Shofirkon tumani (86,6), Qorako‘l tumani (85,8) egalladi.
Ushbu indikator bo‘yicha eng past ko‘rsatkichli TOP-5 talikda Bektemir tumani (34,4), Tomdi tumani (41,3), Yangi Namangan tumani (52,7), Shumanay tumani (55,6) va Konimex tumani (58,3) qayd etildi.
Bitiruvchilarning OTMga kirish salmog‘i bo‘yicha Navoiy shahri (47,4), Zarafshon shahri (43,5),Qorovulbozor tumani (41,4), Uchquduq tumani (40,1) va Qiziltepa tumani (38,5) o‘quvchilari eng yaxshi natija qayd etgan bo‘lsa, Toshkent tumani (2,2), Yangi Namangan tumani (3,7), Namangan shahri (5,8), Urgut tumani (7,8) va So‘x tumani (8,3) eng past natija ko‘rsatishgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90800 | Инструменты