“O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi (ID-92820) muhokamaga qo‘yildi. Qonun loyihasiga ko‘ra, pirotexnika vositalari bilan shug‘ullanganlarga BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha jarima belgilanishi mumkin.
Loyihaga muvofiq, pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga oid huquqbuzarliklar turlarining xavflilik darajasidan kelib chiqqan holda javobgarlik choralarini belgilash rejalashtirilmoqda.
Bunday huquqbuzarliklarni sodir etganlarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalarni rasmiylashtirish vakolati Milliy gvardiya organlari bilan birga ichki ishlar organlariga ham beriladi (Oldin bunday vakolat faqat Milliy gvardiya mansabdor shaxslariga tegishli edi).
Shundan kelib chiqib, MJtKning 185-1-moddasiga taklif etilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra:
– pirotexnika buyumlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlarga BHMning 5 baravaridan 20 baravarigacha (1,7 mln so‘mdan 6,8 mln so‘mgacha);
– pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish BHMning 15 besh baravaridan 30 baravarigacha (5,1 mln so‘mdan 10,2 mln so‘mgacha);
– pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (8,5 mln so‘mdan 17 mln so‘mgacha) jarimaga sabab bo‘ladi.
Yuqoridagi barcha holatlarda huquqbuzarga jarima solish bilan birga huquqbuzarlik ashyolari ham musodara qilinadi.
Maʼlumot o'rnida, hozirda pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish — bularning hammasiga bir xil jazo tayinlanadi. Yaʼni huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, BHMning 5 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40507 | Инструменты