Huawei 1
Piskent tumani hokimligi "Tashmore"da dam oluvchilar uchun mehmon uylari qurmoqchi

Toshkent dengizi...

Yilning toʻrt faslida ham biri biriga oʻxshamaydigan oʻziga xos betakror chiroy bilan koʻzlarni quvontiradigan bu suv ombori azaldan odamlarni oʻziga jalb etib keladi.

Hozirda uvildiriq qoʻyish mavsumi boshlanayotganligi bois bu vaqtga kelib dengizdagi oʻnlab tur yirik baliqlar anchayin iliq iqlim kasb etayotganligidan sayoz joy axtarib yoppasiga sohilga yaqinlashib kelishadi. Bu manzarani taʼriflashga til ojiz.

Tunda oy shulasida ham bijirlab, baliqlar koʻpligi sabab suv sathi goʻyo, qaynayotganday koʻrinishga kiradi. Koʻplab baliqchi qushlar, chagʻalaylar va yovvoyi oʻrdaklar uchib keladi.

Yoz boshlanib kunlar isiy boshlagach, suv tiniqlashib, zilol tusga kiradi. Bu dengizning toʻlib, ayni toʻlqinlari qirgʻoqqa urilish davriga toʻgʻri keladi. Hamma shu tomonga oshiqadi. Boisi dengiz jazirama issiqda atrof javonibga shu qadar yoqimli tarovat baxsh eta boshlaydiki, tevaragidagi yam yashil va salqin olam barchaning joniga oro kiradi.

Ammo, ming afsuski, mazkur juda katta va betakror imkoniyatlardan hozirga qadar Piskent tumani tomonidan foydalanmay kelinayotgani achinarli holdir.  

Mazkur hudud dam oluvchilarning xordiqlaridan soʻng tashlab ketiladigan turli xil ahlatlar bilan toʻlib-toshdi. Chiqindilar makoniga aylandi. Karerlar faoliyati ham atrof-muhit fayziga putur yetkaza boshladi.  

Viloyat rahbari Zoyir Mirzayev boshchiligida tumanning iqtisodiy- ijtimoiy rivojlanishining tahlili va turli sohalarda olib borilayotgan ishlar natijasi borasida oʻtkazilgan yigʻilishda hududda qarovsiz yotgan yerlarni oʻzlashtirish, ulardan oqilona foydalanish boʻyicha qatʼiy vazifalar belgilandi.

Shu maqsadda yangi tayinlangan tuman hokimi Nodirbek Yoqubov avvlo, ishni Toshkent dengizi atrofi va u yerdagi oʻrmon xoʻjaligining imkoniyatlarini izlashdan boshladi.  

Dastalab, manzilda ekoturizmni yoʻlga qoʻyish tashabbusini ilgari surdi.

Sohildagi koʻp yillik daraxt va butazorlar orasida dam oluvchilar uchun infratuzilma shahobchalarini yaratish, ovchilik va baliqchilik xoʻjaliklarini tashkil etish hamda mehmon uylarini qurish katta imkoniyatlar eshigini ochadi, shu bilan birga, koʻplab odamlarni band qilishga erishamiz, deydi.

Toshkent dengizining tumanga tutash ushbu sohilini sayyohlar uchun viloyatdagi eng sevimli va jozibador istirohat majmualaridan biriga aylantirish niyatimiz borligini taʼkidlaydi.  

Shu maqsadda tumanda uzoq muddatga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Unga koʻra, shu yilning oʻzida sayyohlar uchun 10 ta mehmon uylari qurishga kirishiladi. Hududdan oʻtgan katta magistral yoʻl boʻyiga yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatuvchi oʻtovlar oʻrnatiladi. Toshkent dengizi sohilida choʻmilish havzasi tashkil etilib, skuter va qayiqlar olib kelinadi.

Darvoqe, hozirgacha tumanda ziyorat turizimi namunali yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, “Bobogʻoziy -Turk Toʻgʻon”, “Qirq qiz” hamda “Parpi ota” tepaliklari sayyohlar uchun qiziqarli qadamjoga aylangan.

Endilikda ekoturizimni ham yoʻlga qoʻyilayotganligi viloyatdagi qoʻhna tumanlardan hisoblangan Piskent zaminiga sayyohlar oqimini yanada faollashtiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122507 | Инструменты