Prezident O'zbekiston turizm salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni sanab o‘tdi

Prezident raisligida turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Unda dunyoda pandemiya cheklovlari yumshayotgani natijasida turizm industriyasi tiklanishni boshlayotgani qayd etildi.  

Ta'kidlanishicha, joriy yil birinchi choragida yurtimizga xorijdan 610 ming nafar yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 baravar ko‘p turistlar keldi. May oyida hamkor davlatlardan sayyohlarning 20 foizi mamlakatimizga kelishi kutilmoqda (ilgari bu raqam 2-3 foiz bo‘lgan).

“Lekin, har bir hokim hududimda tarixiy obidalar yoki manzarali joylar ko‘p, deb xotirjamlikka berilmasligi kerak. Mehmonxona, muzey, transport va yo‘llar, servis, ovqatlanish joylari kelayotgan turistlarni qabul qilishga tayyormi? Buning uchun qaysi hokim tayyorgarlik qildi?”, deya savol qo‘ydi davlat rahbari.

Prezident yurtimiz turizm salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni sanab o‘tdi.

Misol uchun, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryoda mavjud mehmonxona o‘rinlari talabga nisbatan ancha kam.
So‘nggi yillarda Mo‘ynoq, Nukus, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon, Rishton kabi yangi yo‘nalishlar ochildi. Lekin Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hali bor imkoniyatlardan foydalanayotgani yo‘q.

Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Toshkent viloyati va Toshkent shahridan boshqa hududlarda yoshlarga mos turistik xizmatlar juda kam.

“Oilaviy” va “barchasi ichida” xizmatlarini joriy qilish ishlari sust. Cho‘milish havzasi 1,2 mingdan ziyod mehmonxonaning faqat 30 foizida bor.

Hududlarimizdagi 206 ta termal va mineral suvli buloqlarning bugungi kunda 18 tasidan foydalanilmoqda.

Misol uchun, Qamchiq dovonida (Ohangaron tumani) 2,5-3 ming metr balandlikda joylashgan Arashan ko‘llar tizimidagi suv harorati qishin-yozin 36 gradus issiqlikda bo‘lib, xorijiy kurortlardan qolishmaydi.

Yoki, Chimboy, Qorao‘zak va Taxtako‘pirda ham yer ostidan 40-70 gradus issiqlikda chiqadigan termal buloqlar hududida sanatoriya-kurortlar tashkil qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lsada, tegishli hududlar hokimlari tashabbus ko‘rsatmayotgani tanqid qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40416 | Инструменты