Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani “Mustaqillik” MFYda yashovchi fuqaro tanishi bilan oʻzganing mulkini qoʻlga kiritish maqsadida bir guruhga birlashadi.
"Shovvozlar" dastlab, 2021-yil fevral oyida avvaldan tanish fuqaroga 1100 AQSH dollari evaziga Qamashi tumanidan auksionda 67 gektar lalmi yer maydoni olib berishni vaʼda qilib pulini olishadi.
Ikkovlon jinoiy faoliyatini davom ettirib, 2021-yilning kuz oylarida fermerlik faoliyati tugatilib, yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarilgan fuqaroga 1500 AQSH dollari miqdorida pul evaziga fermerlik faoliyatini tiklab berishni vaʼda qilib, uni ham chuv tushirgan.
2022-yil fevral oyida ular Qamashi tumani “Suvoqova” boʻlimiga fuqaroni ishga kiritib qoʻyishga vaʼda qilib, 1300 AQSH dollari, davlat organlarida xizmat qilib boʻshatilgan fuqaroga ishini tiklab berishni vaʼda qilib, 4800 AQSH dollari va 6 million 500 ming soʻm miqdoridagi pullarni olib, firibgarlik xatti-harakatini sodir etgan.
Bu kamlik qilgandek, ularning biri 2023-yil 10-mart kuni qoʻshni tumandan yer olib bermoqchi boʻlgan tanishini choyxonaga chaqirib, suhbatlashib, tez kunlarda ishi hal boʻlishini aytib, yashash uyiga ketadi. Soʻngra, Dehqonobod tumani IIB boshligʻi nomiga tanishi bilan choyxonada oʻtirganda ikki nafar notanish fuqarolar unga pichoq tirab oʻldirish bilan qoʻrqitib, undan 3 million soʻm va 400 AQSH dollari miqdoridagi pullarini olib qoʻyganligi haqida ariza bilan murojaat qiladi.
Holat yuzasidan olib borilgan surishtiruvlar davomida fuqaro ogʻir jinoyat haqida bila turib yolgʻon xabar bergani maʼlum boʻldi.
Toʻplangan hujjatlarga koʻra yolgʻon xabar bergan fuqaroga nisbatan Dehqonobod tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi, 237-moddasi 2-qismi “b,g” bandlari va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllandi.
Shuningdek, uning sherigiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111701 | Инструменты