Huawei 1
Qozog‘iston 13 yildan beri qidirayotgan o‘zbekistonlik Rossiyada ushlandi

Rossiyaning Moskva shahrida Qozog‘iston hududida juda katta miqdordagi firibgarlikda gumonlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Qozog‘iston kriminal politsiyasi xodimlari Rossiyadagi hamkasblari bilan hamkorlikda Moskvaning markazida 2012 yildan beri xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini ushlashga muvaffaq bo‘lgan.

“13 yil oldin gumonlanuvchi qalbaki hujjatlardan foydalangan holda Qozog‘istondagi banklardan birining hisobidan katta miqdordagi mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan yechib olgan. Jinoyat sodir etilganidan so‘ng u Qozog‘iston hududini tark etgan va shundan so‘ng unga nisbatan davlatlararo qidiruv eʼlon qilingan edi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining so‘roviga binoan Rossiya tomoni gumonlanuvchini ekstraditsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Ayni paytda u bilan Qozog‘iston huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari ishlamoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82721 | Инструменты