“O‘zbekiston – 2030” strategiyaning 60-maqsadida hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash darajasini oshirish belgilangan. Ushbu maqsad doirasida hududlarda 1 million xonadonli uy-joylar qurish, “Yangi O‘zbekiston” massivlari sonini 100 taga yetkazib, qo‘shimcha 200 mingta oilaga mo‘ljallangan uylarni barpo etish, respublikada kamida 140 ming oilaga mo‘ljallangan ijtimoiy uylarni barpo etish nazarda tutilgan.
Albatta, aholi uchun qurilayotgan uy-joylar soni ortishi bilan birga, fuqarolarimizga unga egalik qilish huquqini berish, o‘z ehtiyojidan kelib chiqqan holda imtiyozli kreditlar asosida, ehtiyojmad oilalar uchun esa subsidyalar ajratish orqali uy-joy sotib olish imkoniyatlarini kengaytirish borasida ham muayyan ishlar qilinmoqda.
Ammo, so‘nggi vaqtlarda qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar tomonidan tanish-bilishchilik, korrupsiyaviy yo‘llar va o‘zboshimchalik orqali qurilib, foydalanishga topshirilgan ayrim sifatsiz ko‘p qavatli uy-joylar aholi orasida norazilik kayfiyati uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, fuqarolarda davlat bunday sifatsiz uy-joylar qurilishini nazorat qilmayapti, ushbu sohaga masʼullar maʼlum bir tanishlariga uy-joy qurishi uchun sharoit yaratib berayapti degan tushunchalar ham shakllanmoqda.
Ushbu holatlar bugun bu sohada qonun ustuvorligini taʼminlash va jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Sababi, so‘nggi yillarda dunyoda talafotli zilzilalar soni ortib, ular aholi hayoti va mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalariga jiddiy taʼsir ko‘rsatayotganligi ayni haqiqat.
Shu bois, mamlakatimizdagi mavjud va qurilayotgan bino-inshootlarning seysmik mustahkamligini taʼminlash, zilzilani prognozlash, monitoring qilish hamda unga tayyorgarlik ko‘rishda davlat organlari va tashkilotlarining o‘zaro aloqalarini kuchaytirishga qaratilgan “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror yuqoridagi kabi holatlarga zamonaviy yechim va yondashuvlarni ishlab chiqishda muhim dasturilamal hujjat bo‘lib hizmat qiladi.
Qaror bilan 2024 yil 1 iyundan boshlab, MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, 1 iyuldan yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III– IV toifa bo‘lgan obyektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy etib belgilanmoqda. Bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunalaridan olinadigan maʼlumotlarning yagona bazasi yuritilib, ularning holati monitoring qilib boriladi.
Shuningdek, 1 iyundan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III–IV toifa bo‘lgan obyektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etiladi. Agar quruvchi tomonidan qo‘yilgan talab loyhida aks ettirilmasa shaharsozlik hujjatlari ekspertizasidan o‘tkazilmaydi.
Albatta, qaror bilan bu kabi talablarning belgilanishi nafaqat aholini sifatli uy-joy bilan taʼminlash, qolaversa, qurilish sohasini tartibga solish samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qiladi. Ammo, bugun biz barchamiz birlashib, taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan samarali foydalansakgina ko‘zlangan barcha maqsadlarga erishishimiz, yurtimizda mustahkam bunyodkorlik loyihalarini amalga oshirishimiz mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111707 | Инструменты