Ma’lum qilinishicha, ob-havoning keskin isishi inson organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Quyosh urishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida uzoq vaqt qolish natijasida yuzaga kelishi mumkin. Ayrim hollarda esa issiqlik ta’siri belgilari 6–8 soatdan keyin ham namoyon bo‘ladi.
Mutaxassislar quyosh urishining oldini olish uchun soat 10:00 dan 17:00 gacha ochiq quyosh ostida uzoq vaqt bo‘lmaslikni tavsiya etadi. Shuningdek, paxta kabi tabiiy matolardan tayyorlangan yengil kiyimlar kiyish, och rangli bosh kiyim taqish va quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak hamda kremlardan foydalanish lozim.
Issiq kunlarda organizmda suv tanqisligining oldini olish ham muhim ahamiyatga ega. Buning uchun muntazam ravishda suyuqlik iste’mol qilish, uydan chiqishda suv olib yurish tavsiya etiladi. Mutaxassislar chanqoqni bosish uchun mineral suv, sharbatlar yoki yengil damlangan choy ichishni ma’qul ko‘radi.
Quyoshdan qaytgach dush qabul qilish yoki tanani nam sochiq bilan artish organizm haroratini me’yorga keltirishga yordam beradi. Shuningdek, och qoringa yoki ovqatlangandan keyin darhol quyosh ostida bo‘lish tavsiya etilmaydi.
Quyosh yoki issiq urishi dastlab darmonsizlik, bosh og‘rig‘i, chanqoq, bosh aylanishi va charchoq bilan namoyon bo‘ladi. Keyinchalik ko‘ngil aynishi, qusish, puls va nafas olishning tezlashishi, kuchli terlash, ayrim hollarda burundan qon ketishi kuzatilishi mumkin. Og‘ir holatlarda esa odam hushini yo‘qotishi, tutqanoq tutishi, alahlashi yoki gallyutsinatsiya kuzatilishi ehtimoli bor. Agar o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmasa, nafas olish va yurak faoliyati to‘xtab qolishi mumkin.
Bunday vaziyatda jabrlanuvchini zudlik bilan salqin joyga olib o‘tish, chalqancha yotqizib, boshini biroz ko‘tarish, kiyimlarini bo‘shatish va toza havo bilan ta’minlash kerak. Agar bemor hushida bo‘lsa, unga sovuq suv yoki yengil damlangan choy ichirish tavsiya etiladi. Boshiga nam sochiq qo‘yish, qo‘ltiq osti, chov va tizza orqasiga muz yoki sovuq suvli idish qo‘yish organizm haroratini pasaytirishga yordam beradi.
Mutaxassislar quyosh yoki issiq urishidan jabrlangan har qanday bemorni tibbiyot muassasasiga yetkazishni, og‘ir holatlarda esa zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish zarurligini ta’kidlamoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71313 | Инструменты