“Samarqand darvoza” oldida portlatilgan "ognetushitel" voqeasiga aloqador shaxslar qamoqqa olindi
Avvalroq, 1 yanvar kuni Toshkent shahridagi “Samarqand darvoza” savdo majmuasi oldida fuqarolar Yangi yilni nishonlash maqsadida qo‘lbola «ognetushitel» portlatgani, oqibatda holatni videoga olayotgan 3 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Ichki ishlar vaziri Matbuot xizmati ushbu hodisa yuzasidan olib borilayotgan tergov davomida mazkur hodisaga aloqador bo‘lgan 13 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilingani va ular qamoqqa olingani haqida ma'lumot berdi.
Vazirlik xabariga ko'ra, Yangi yil bayrami arafasida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanining ayrim mahallalarida qo‘lbola usulda pirotexnika vositalarini tayyorlab sotish avj oladi. Avvalgi yillarda ham xuddi shunday o‘t o‘chirgichlarda sinab ko‘rilgan portlatishlar internetda tarqalgan va buni ko‘rgan Toshkent shahrida yashovchi yigit yangiyo‘llik tanishi bilan bog‘lanib, xuddi shunday moslama topib berishni so‘raydi.
“Bunaqa darajada bang‘illaydi deb kutmagandik. Juda vahimali bo‘ldi. “Ognetushitel” yasash bo‘yicha video ko‘rgandim, yangiyo‘llik bolalar yasagani haqida. O‘sha videoni yangiyo‘llik og‘aynimga tashaganimda, u “bu narsa bizda yasalgan” deb aytgandi. U narsa pulli ekan. Aslida men tekin deb o‘ylagandim, lekin oxirida pulli bo‘lib chiqdi. Shundan keyin pul berishga majbur bo‘ldim. Aslida 500 ming so‘m berishimiz kerak edi, lekin 470 ming berganmiz”, deydi portlatilgan “Ognetushitel”ni sotib olgan yigit.
Qayd etilishicha, ushbu moslamani tayyorlash uchun turli kimyoviy moddalar va yengil avtomobilning ehtiyot qismlaridan foydalanilgan. Bu usulni bir necha yildan beri qo‘llab kelayotgan traktor haydovchisi yoshlarga uni qanday tayyorlashni o‘rgatgan.
“Pul taklif qildi. 80 ming so‘m beraman dedi. Qo‘ygin, mana, ol, olib ketaver desam keyin 80 ming tashlab ketibdi”, deydi traktor haydovchisi.
Shuningdek, haydovchidan olingan moddalar va avtomobilning ehtiyot qismlari olingach, qo‘lbola moslamani yasash ishlari boshlangan.
“Keyin uni olib qo‘lbola shaklda magniy yasadim. Qo‘shnim Ziyovuddin menga taklif berdi. “Kursdoshim bor, har yili shunaqa ognetushitel olib portlatarkan. Bu yil topolmabdi, yasab bera olasanmi?” deb so‘radi. Xizmat haqi 500 ming so‘m deb aytilgandi, 470 ming so‘m pul oldim”, deydi qo‘lbola portlovchi moslamani yasagan yigit.
Hammasi tayyor bo'lgandan so'ng yigitlar moslamani aholi gavjum bo'lgan joyga olib kelishadi. Chunki yoshlarning maqsadi quloqni qomatga keltiruvchi ovoz va alanga balandligi bilan ko‘pchilikni hayratlantirish bo'lgan. Ular qaysidir ma'noda bunga erishdilar ham, biroq qilmishlarining oqibatini tushinib yetishganda kech bo'lgandi.
"Aholini orasidan o'tib yo'lni yuziga chiqdik. Moslamani yo'lni o'rtasidagi "tratuar" qo'ydik. Man o'zim yoqdim. Oradan 15 soniya o'tgandan keyin portladi. Keyin 1-2 minut shu yerda bo'ldim va ketdim. Uyga kirib, telefonimni o'ynab o'tirsam, “Samarqand darvoza”dagi «ognetushitel» porlashi oqibatida 2 ta bola jarohatlangani haqida video keldi", deydi moslamani portlatgan yigit.
Ta'kidlanishicha, shu kuni Toshkent shahridagi 1-sonli shifoxonaga 3 nafar — M.S. (1997 yilda tug‘ilgan) qorin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, M.A. (1999 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq boldir, tovon sohalari yirtilgan jarohati hamda X.N. (2006 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq panja qismi yirtilgan, majaqlangan jarohati, oyoq barmoqlari noto‘liq amputatsiyasi tashxisi bilan turli ko‘rinishdagi tan jarohati olgan jabrlanuvchi murojaat qilgan. Navbatchi shifokor bu kabi holatlar Yangi yil arafasida ko'p sodir bo'lishini aytdi.
“2006 yilda tug‘ilgan bemorga shoshilinch ravishda o‘ng oyoq panjasining to‘rtta barmog‘ini replantatsiya qilish (uzilib ketgan barmoqlarni ulash) operatsiyasi bajarildi. Hozirgi vaqtda bemor mikroxirurgiya bo‘limida statsionar davo olmoqda”, deydi jarroh Ravshan Irismetov.
Vazirlik bergan ma’lumotga ko‘ra, jabrlangan bolalarning barchasi maktab o‘quvchilari. Ulardan ikki nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani bois, uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan. Yana bir 10-sinf o‘quvchisi hozircha shifoxonada qolmoqda.
“Yo‘lning o‘rtasiga odamlar ko‘p bo'lib, “krug” yig‘ildi. “Ognetushitel” qo‘yishdi. Odam ko‘p bo‘lganidan kim qo‘yganini ko‘rmadim. Odam tarqalgandan keyin qarasam “ognetushitel” ekan. Men “salyut” qo‘yishyapti deb o‘ylagandim. Portlash zarbasi “udar” bilan keldi, boshida hech narsani sezmadim. Yonimdagi bitta aka "ukam oyog'ing qonayapti" dedi. Keyin o‘sha yerdagi akalar ko‘tarib mashinaga o‘tirg‘izishdi-da, shifoxonaga olib kelishdi”, deydi jabrlanuvchi.
Ma'lum qilinishicha, olib borilgan olib borilayotgan tergov tezkor harakatlari davomida mazkur hodisaga aloqador bo‘lgan 13 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, Jinoyat protsetsual kodeksining 221-moddasi tartibida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 5 nafari ma’muriy tartibda qamoqqa olingan, va yana 5 nafari ma’muriy jarimaga tortilgan.
Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi katta tergovchisi Mirjalol Isroilovning so'zlariga ko'ra, aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 250-moddasi «b» (portlash xavfi bo‘lgan moddalar yoki pirotexnika buyumlaridan foydalanish qoidalarini buzish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur moddaga asosan aybdor shaxslar 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70513 | Инструменты