YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida o‘tkazilgan “Samarqand: 3000 yillik meros” xalqaro konferensiyasida shahar tarixi ilmiy jihatdan qayta baholandi. Arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Samarqandning yoshi ilgari aytilganidek 2750 yil emas, balki uch ming yildan ham ortiq ekani tasdiqlandi.
YUNESKOning 43-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan “Samarqand: 3000 yillik meros” xalqaro konferensiyasi shahar tarixini chuqur o‘rganish va insoniyat sivilizatsiyasidagi o‘rnini yanada keng yoritishga bag‘ishlandi. Tadbirda O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlardan taniqli tarixchi, arxeolog hamda ilmiy muassasalar vakillari ishtirok etishdi.
Konferensiya ochilishida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Prezident administratsiyasi huzuridagi Kreativ iqtisodiyot va turizm masalalari departamenti direktori o‘rinbosari Elmurod Najimov, hamda YUNESKO Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elondu Assomo so‘zga chiqishdi.
Tadbir davomida olimlar Samarqandning boy tarixiy, ma’naviy va madaniy merosi haqida ma’ruzalar taqdim etib, yangi arxeologik topilmalar bilan bo‘lishishdi. Xususan, Afrosiyob, Ko‘ktepa va boshqa qadimiy manzilgohlarda olib borilgan qazishmalar natijasida Samarqand hududida ilk aholi manzilgohlari miloddan avvalgi II ming yillikka oid ekanligi aniqlangan.
Mutaxassislarning fikricha, bu topilmalar Samarqand va uning vohasida shahar sivilizatsiyasi uzluksiz rivojlanib kelganini ko‘rsatadi.
Xalqaro ekspertlar muhokamasi yakunida ilgari e’tirof etilgan 2750 yillik sanaga aniqlik kiritilib, Samarqandning tarixi rasman 3000 yil deb belgilandi. Shu tariqa, qadimiy shahar insoniyat madaniyatining eng muhim markazlaridan biri sifatida yana bir bor tan olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110622 | Инструменты