Huawei 1
Samarqandda “Dok-1 Maks” preparatidan 18 nafar bola vafot etgani ma’lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi bolalar shifoxonasida Dok- 1MAKS preparati sabab 15 nafar bola vafot etgani haqida ma’lumot tarqaldi. Holat bo'yicha Bolalar ombudsmani tomonidan o'ganish olib borildi.

O‘rganishlar davomida viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida sentyabr-dekabr oylarida 21 nafar bemor o‘tkir buyrak zararlanishi bilan tekshirilgani va davolangani aniqlangan.

Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatidan bo‘lgan, 3 nafar bemor sog‘lomlashtirilib uyiga javob berilgan va 18 nafari vafot etgan. Bemorlarning barchasi 6  yoshgacha bo‘lgan bolalar. Ularning 15 nafari 3 yoshli bolalar bo'lgan.

Bemorlarning yaqinlaridan ularning kasallanish sabablari surishtirilganda ularda shamollash alomatlari bo‘lganligi va davolash maqsadida Dok-1MAKS preparati qabul qilishganligidan so‘ng ahvoli og‘irlashganligini bayon qilishgan. 

Shuningdek, Dok-1MAKS preparatining har 10 mlda parasetamol — 500 mg, gvayfenezin — 200 mg, fenilefrina gidroxlorid — 10 mg mavjud. Mutaxassislar Dok-1MAKS preparati qo‘llanilishi ko‘rsatmasida preparatni 2 yoshdan qo‘llash mumkinligi ko‘rsatilganligi, lekin shunday tarkibli boshqa kompaniyalar preparatlari asosan 12 yoshdan keyin qo‘llashga ruxsat berilganligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunining 40-moddasida patologik-anatomik tadqiqotlar sog‘liqni saqlash muassasalarida odam hayotligida hamda o‘lganidan so‘ng tashxis qo‘yish (biopsiya va autopsiya), shuningdek, klinik sharoitda tashxis qo‘yish va kasallikni davolash ishlarining to‘g‘ri olib borilganligini nazorat qilish, o‘lim sabablari haqida aniq ma’lumotlar olish maqsadida o‘tkazilishi belgilangan.

Shu bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Patologik-anatomik tadqiqotlar o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra davolash-profilaktika muassasalarida vafot etgan shaxslarning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida patologik-anatomik tadqiqotlar o‘tkazish belgilangan. Lekin vafot etgan bemorlarning birortasi ham patologik-anatomik tadqiqotdan o‘tkazilmagan.

Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi o‘z o‘rganishlarini davom ettirmoqda. Samarqand shahar prokuraturasi har bir o‘lim holati bo‘yicha surishtiruv-tergov olib bormoqda. 

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Samarqand viloyati prokurori birinchi o‘rinbosaridan holat bo‘yicha chuqur o‘rganish olib borishlarini va har bir holatda aybdorlar jazosiz qolmasligi, qonun ustuvorligi ta’minlanishi shartligini so‘radi. Holat Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan holat to‘liq nazoratga olindi.

Avvalroq, O‘zbekistonda "Dok-1 Maks" dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish boshlangani haqida xabar qilingandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120210 | Инструменты