Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tashkil etildi
Farmon bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo'limlari tashkil etildi.
Shu munosabat bilan Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy bo'linmalari tugatildi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlariga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo'shimcha to'lovlar to'lanadi.
2021-yil 1-yanvardan boshlab Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarining amaldagi oylik ish haqlariga qo'shimcha ravishda Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo'lganda lavozim maoshiga – 30 foiz, fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega bo'lganda – 60 foiz har oylik ustamalar belgilanadi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati Davlat byudjetidan tizimga ajratilgan mablag'lar, ularning sarflanish yo'nalishlari, samaradorlik natijalari yuzasidan ma'lumotlarni har oy yakuni bo'yicha jamoatchilikka e'lon qiladi va o'zining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi.
Farmon bilan shuningdek, Sanitariya-epidemiologiya xizmatining byudjetdan tashqari Maxsus jamg'armasi tashkil etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40509 | Инструменты