Huawei 1
Senat 30-aprel kuni Konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazishni ma’qulladi

Bugun, 14-mart kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz sakkizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ma’qullandi.

Senatorlarning 80 nafari qonunni ma’qullashga ovoz berdi, 1 nafari betaraf qoldi, 2 nafari ovoz berishda ishtirok etmadi.

Oliy majlisning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Oliy Majlis Senatining referendumni o‘tkazish to‘g‘risidagi tegishli qarori qabul qilingan kundan e’tiboran kechi bilan uch kun ichida matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishini ma’lum qildi.

Loyihada “inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida inson huquqlari borasidagi normalar qariyb 3,5 baravarga ko‘paymoqda. Shuningdek, davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi ilk marotaba Konstitutsiya darajasida belgilab qo‘yilmoqda. Loyihada ilk marotaba oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi qoidalar kiritilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi kafolatlanmoqda.

Ushbu loyihada mulk daxlsizligi va u bilan bog‘liq huquqlarning ta’minlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida bo‘lishi,  tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi ham kafolatlanmoqda. Bu esa, iqtisodiyot barqaror o‘sishi, farovon hayotimiz tayanchi hisoblangan tadbirkor va ishbilarmonlarimizning erkin faoliyati uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratishi ta’kidlandi.

Avvalroq, 10-mart kuni parlament quyi palatasi Konstitutsiya to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri va u bo‘yicha 30-aprel kuni referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 73019 | Инструменты