O'zbekistonda yod tanqisligi darajasi 31 foizni tashkil etib, 20 yil mobaynida bu 2,5 barobarga kamaygan. Biroq, O‘zbekiston hali ham yod tanqisligi bo‘yicha og‘ir hudud bo‘lib qolmoqda.
Aholi orasida endemik buqoqdan kasallanish ko‘rsatkichlarini kamaytirish va osh tuzini yodlash bo‘yicha talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish zaruriyati ham yuzaga kelgan.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari hamda Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitalarining qo‘shma majlisida shu haqda so‘z yuritildi.
Mazkur qo‘mitalar hamkorligida o‘tkazilgan “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunning yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlashda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan standartlarning majburiy talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga oid qismi ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Aholi o‘rtasida yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi va endemik buqoq kasalligining oldini olish borasidagi ishlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, 2023 yilda yod tanqisligi kasalligi har 100 ming aholiga Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 2160,7, Surxondaryoda –1883,3, Jizzaxda – 1494,0, Buxoroda – 1262,2 kishini tashkil etgan. Bu mamlakat ko‘rsatkichi (912,4)ga nisbatan baland bo‘lgani tashvishli holdir.
Shu davrda yod tanqisligi ko‘rsatkichi bolalar va o‘smirlar orasida mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga o‘rtacha 712,3 va 3593,6 nafarni tashkil etgan.
Ushbu ko‘rsatkichlar “yod tanqisligi pandemiyasi” davom etayotganini anglatadi.
2007 yilda qabul qilingan qonunda yod yetishmasligi kasalliklarining ommaviy profilaktikasi oziq-ovqatga yodlangan tuz ishlatish va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmol qilish orqali amalga oshirilishi belgilangan.
2024 yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimizda osh tuzi ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va undan foydalanuvchi 94 korxona mavjud. Biroq, ularning bor-yo‘g‘i 24 tasida laboratoriya bor, faqatgina 72 tasida dozatorlar o‘rnatilgan. Ammo o‘rnatilgan ayrim dozatorlar mutlaqo talabga javob bermaydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan ham bu borada tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Natijada tuz ishlab chiqaruvchi korxonalardan olingan 263 namunadan 65 tasida, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan olingan 1 ming 110 namunaning 347 tasida, maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalaridan olingan 3 ming 613 namunaning esa 1 ming 263 tasida yod miqdori belgilangan talabga javob bermasligi aniqlangan.
Shu bilan birga, o‘rganishlar davomida Sirdaryo viloyatida hech qanday hujjatsiz tuzni qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va tashish faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanib kelayotgan to‘rtta korxona aniqlangan.
Ushbu korxonalarda tuzni yodlash dozatorlari mavjud emasligi maʼlum bo‘ldi. Omborlarda mahsulotlarni saqlash qoidalariga amal qilinmagan, qayta ishlab chiqarish uchun keltirilgan birlamchi tuzlarning tegishli hujjatlari, xususan sertifikatlari mavjud emasligi aniqlangan. Tuz belgilangan talabga javob bermaydigan paketlarga qadoqlangan. Mahsulot ishlab chiqarilgan sanalar ko‘rsatilmagan holda sotuvga chiqarilgan. Ayrim hollarda “yodlangan” deb yozilgan qadoqlarga aslida yodlanmagan texnik tuz solinayotgani aniqlangan.
Ayrim tadbirkorlar tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlarni suiisteʼmol qilib, aholining sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan mahsulotlarni sotishni davom ettirmoqda.
Majlis yakunlari bo‘yicha qo‘mitalarning aniq takliflar aks etgan qo‘shma qarori qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20520 | Инструменты