Senator Abdusaid Ko‘chimov O‘zbekiston har qanday tashqi tahdidlarga o‘z o‘rnida javob qaytarishi lozimligini bildirdi

Oliy Majlis Senatining 5 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov so‘zga chiqib, O‘zbekiston har qanday tashqi tahdidlarga o‘z o‘rnida javob qaytarishi lozimligini bildirdi. 

Senator o‘z nutqida xalqaro vaziyatga to‘xtalib, «dunyoda bir-biridan chigil tugunlar ko‘payib borayotgani, ular orasidan bamisoli bomba ko‘milgan maydonda yurgandek yurish naqadar og‘irligi, dunyoning bugungi qoidalari keskin o‘zgarib borayotgani, zo‘ravon siyosatchilar, ayrim zo‘ravon arboblar, bamisoli muz ustida raqs tushayotgan raqqosalar singari bir daqiqadan keyin qaysi tomonga burilishini, qaysi tomonga shox tashlashini hech kim bilmaydigan bir zamonda yurish, bu hech birimizni bir daqiqa ham xotirjam bo‘lishga yo‘l qo‘ymasligi»ni taʼkidladi.

«Murojaatnomada tenglik, o‘zaro munosabatlarda samimiy bo‘lishga katta eʼtibor berilganini ko‘rdik. Ammo muvozanat buzilib, yana imperiyaparastlik, bo‘yinga bo‘yintiriq osish xavfi paydo bo‘lsa-chi? Ko‘chada hassa suyangan har bir o‘tkinchi „men sening bosh tog‘ingman, og‘angman“ deb tursa-chi? Bu imperiyani qo‘msash emasmi, aziz do‘stlar?

Shu o‘rinda ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripovning “Deydilar it hurar – o‘tadi karvon, Ranju balolardan yonmasin joning, Ammo alam qilar bir umr giryon, Itlar orasidan o‘tsa karvoning” degan tarixiy so‘zlarini eslashimiz kerak. Kerak.

Ammo bu armon – bugungi kunda armon emas. Biz bugun ana shu armonlarni ushaltirishga qarshi birlashishimiz lozim bo‘lyapti.

Balki, karvonimizga tahdid qiladigan har qanday kuchga, akillagan har qanday laychaga yoki har qanday qashqirga qarshi o‘z joyida javob berishimiz, kovushini to‘g‘rilab qo‘yishimiz, popugini pasaytirib qo‘yishimiz, aqlini kiritib qo‘yishimiz shart va kerak...», – degan u.

«Biz o‘zimizni boshqalarga mehnatimiz bilan, aqlimiz bilan, ishimiz bilan tan olishga majbur qilishimiz kerak bo‘ladi», – deya qo‘shimcha qilgan senator.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20618 | Инструменты