Shavkat Mirziyoyev Koreyaning Muan shahrida ro‘y bergan aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi Choy Sang Mokka ta’ziya maktubi yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.
“Davlatimiz rahbari Koreya xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi”, — deydi Asadov.
Eslatib o'tamiz, holat 29-dekabr kuni ertalab soat 9:07 da (Toshkent vaqti bilan 5:07) sodir bo‘ldi. Video kadrlarida ko‘rinishicha, Jeju Air kompaniyasining Boeing 737−8AS yo‘lovchi samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib, to‘siqqa urilgan va shundan so‘ng yonib ketgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 181 kishini (175 yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi) olib ketayotgan samolyot qulashi tufayli kamida 127 kishi halok bo‘ldi, ikki kishi qutqarib qolindi. Ammo o‘t o‘chirish xizmati vakillari qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lmagan 179 kishining barchasi halok bo‘lgan deb hisoblamoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10110 | Инструменты