Huawei 1
Bayram kunlari ham to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish sog‘liq uchun foydali

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab bayram kunlari aksariyat odamlarning vazni 1,5 dan 3 kilogrammgacha ortadi. Ortiqcha ovqatlanish semizlikka, u esa, o‘z navbatida, metabolizm sekinlashishi, yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanishi va boshqa salbiy oqibatlarga olib keladi.

Bu holatlarning oldini olish, sog‘liqqa zarar yetkazmasdan taomlanish juda muhim. Bunda quyidagi jihatlarga e’tibor qaratgan holda nazoratni yo‘qotmaslikka erishish mumkin.

Televizor oldida ovqatlanmang
Britaniyalik olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar ovqatlanayotganda gajetdan foydalangan yoki televizor ko‘rayotgan odam diqqatini faqat taomlanishga qaratgan insonga qaraganda 20 foizga ko‘proq taom yeb qo‘yishini isbotlagan.

Zerikkaningizdan taomlanmang
Ma’lumki, hissiy va jismoniy ochlik turlari bo‘ladi, ularni farqlash muhim. Shunchaki nimadir yegingiz kelayaptimi yoki haqiqatan ochmisiz? Buni bilish uchun gastroenterologlar boshqa mashg‘ulot bilan chalg‘ishni maslahat beradi.

Agar bu vaqtda siz hali ham haqiqiy jismoniy ochlikni his qilsangiz (oshqozoningizda yengil og‘riq paydo bo‘lib, qurillasa), organizmingiz haqiqatan ham ovqatlanishni talab qilayotgan bo‘ladi. Ammo chalg‘ish davomida e’tiboringiz o‘sha mashg‘ulotga to‘liq qaratilib, ovqat haqida unutsangiz, unda istagingiz yanglish (hissiy) bo‘ladi.

Bayram dasturxoni atrofiga o‘tirishdan oldin och qolmang
Tabiiyki, juda ochiqqan holda taom to‘la dasturxon atrofiga o‘tirsangiz, istamagan holda ko‘p va ortiqcha yeb qo‘yish xavfi yuqori bo‘ladi. Shuning uchun oldindan yengil va foydali mahsulotni tanavvul qilib olish yaxshiroq.

Tanaffus qiling
Birinchi taomni yeganingizdan so‘ng, o‘rningizdan turing, bir stakan suv ichib oling va do‘stlaringiz yoki qarindoshlaringiz bilan suhbatlashing. Bu tanaffus to‘qlik hissi kelishiga va ortiqcha taom hamda shirinliklar yeb qo‘ymasligingiz uchun xizmat qiladi.

Yetarlicha uxlang
Britaniyalik olimlarning tajribasi shuni ko‘rsatdiki, agar inson 8 soat emas, balki 5-6 soat uxlasa, u kun davomida taxminan 30 foiz ko‘proq kaloriya iste’mol qiladi. Bu gormonal nomutanosiblik bilan bog‘liq: birinchidan, kam uxlaganda stress gormoni kortizol darajasi oshadi (u qorin bo‘shlig‘ida visseral yog‘larning to‘planishi uchun javobgardir), ikkinchidan, to‘yinganlik va ochlik gormonlari (leptin va grelin) balansi buziladi.

Shuning uchun, voqealarga boy bo‘lgan bayram kunlari ham kundalik tartibni saqlashga harakat qiling va uxlash uchun kamida 8 soat ajrating.

Bayram kunlari hamma ham tartibli va to‘g‘ri ovqatlanish haqida bosh qotirmaydi. Biroq, har birimiz bunga ongli munosabatda bo‘lsak va taomni mukofot emas, balki energiya manbai sifatida qabul qilsak, semirish va surunkali kasalliklardan uzoq bo‘lamiz.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10318 | Инструменты