Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi hamkorlikning yangi davri boshlandi. Endi ikki davlat oʻrtasida munosabatlar yuqori sheriklik darajasiga koʻtarilib, uni rivojlantirish boʻyicha besh yillik dastur amalga oshirilmoqda.
Avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yanada kengaydi. Xitoy investitsiyalari hajmi besh barobar, hamkorlikdagi qoʻshma korxonalar soni esa uch barobar koʻpaydi. Xitoy kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokida yuqori texnologiyalar, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika tarmoqlarida, shuningdek, infratuzilmalarni modernizatsiya qilish va boshqa yoʻnalishlarda yirik investitsiya loyihalari roʻyobga chiqarilyapti.
Yuqoridagi muhim maqsadli yoʻnalishlar bilan bir qatorda ikki davlat oʻrtasidagi ijtimoiy-gumanitar hamkorlik ham yil sayin mustahkamlanib, kengayib bormoqda. Ayni kunda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida taʼlim almashinuvi kengaymoqda.
Xitoyda oʻzbekistonlik 5 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Xitoy har yili Oʻzbekistonga xorijda oʻqish uchun 100 ga yaqin davlat stipendiyasi, shuningdek, chet elda taʼlim olish uchun koʻplab universitetlararo stipendiya dasturlarini taqdim etmoqda.
Xitoy tili oʻqituvchilarini Oʻzbekistonga yubormoqda va xitoy tili kurslarini ochishni qoʻllab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, ikki davlat universitetlari oʻrtasida yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bu hamkorlik 23-25-yanvar kunlari Prezidentimizning ushbu mamlakatga tashrifi doirasida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Xitoy taʼlim forumi ham ikki davlatning taʼlim tizimi yanada yuksalishi, yangi sahifalari ochilishiga xizmat qiladi.
Forum doirasida ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 70 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, 5 ta oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur qoʻshma taʼlim dasturi asosida oʻzbekistonlik 300 dan ortiq talaba Xitoyning ilgʻor universitetlarida tahsil olish imkoniyatiga ega boʻladi. Shu bilan birga, oʻzbekistonlik yuzdan ortiq talaba uchun grant dasturlar tashkil etishga kelishildi.
Oʻzbekiston va Xitoy oliy taʼlim muassasalari hamkorligi toʻgʻrisida Pekin deklaratsiyasi qabul qilindi. Deklaratsiya doirasida ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida institutsional platforma yaratish, Xitoy—Markaziy Osiyo taʼlim hamkorligi modelini shakllantirish, akademik almashinuv dasturlarini yanada rivojlantirish, qoʻshma tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirokida aniq fanlar, muhandislik, qishloq xoʻjaligi, AKT, gumanitar fanlar, tibbiyot va farmatsevtikaga bagʻishlangan panel sessiyalar boʻlib oʻtdi. Mazkur shoʻba sessiyalarining muhim yoʻnalishlaridan biri “Muhandislik, qishloq xoʻjaligi va axborot texnologiyalari sohalarida hamkorlik” deb nomlanib, unda yurtimizning yetakchi soha universitetlari hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha taqdimotlari bilan qatnashdi va samarali kelishuvlarga erishildi.
Taʼlim forumida Fargʻona politexnika instituti Xitoyning ikkita oliy taʼlim muassasasi bilan oʻzaro samarali hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻydi. Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti, Shimoliy Xitoy elektr energetikasi universiteti vakillari bilan uchrashuvlarda talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvi, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish hamda qisqa va uzoq muddatli stajirovkalar, qoʻshma ilmiy loyihalarni yoʻlga qoʻyish, maʼruza oʻqish, seminar, mahorat darslari tashkil etish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Xitoyning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy qilish borasida ham amaliy natijalarga erishildi. Xususan, Xitoyning Tianjin texnologiyalar universiteti hamda Tianjin xorijiy tillar (fanlar) universiteti bilan professor-oʻqituvchilar va talabalar akademik almashinuvini, qisqa muddatli malaka oshirish va ilmiy stajirovkalarini tashkil etish, hamkorlikda xalqaro va mahalliy loyihalarda ishtirok etish boʻyicha shartnomalar tuzildi. Bu, oʻz navbatida, institut professor-oʻqituvchilariga xalqaro integratsiya uchun yoʻl ochib, ularning mazkur oliy taʼlim muassasasida tashkil etilgan akademik almashinuv dasturlari, loyihalar, oʻquv kurslari, seminar va konferensiyalarda ishtirok etishiga zamin yaratib beradi. Shuningdek, talaba-yoshlarning mazkur universitetlarda taʼlim olishi, soha boʻyicha yangi bilimlarga ega boʻlishi hamda xorijiy tillarni oʻrganishi uchun barcha imkoniyat yaratib berilishi qayd etilgan.
Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti tomonidan Fargʻona politexnika institutiga loyihalar uchun umumiy qiymati yiliga bir million yuangacha boʻlgan miqdorda investitsiya ajratilishi belgilandi. Bu institut olimlarining xalqaro miqyosdagi loyihalarda ishtirok etishini taʼminlaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80311 | Инструменты