SIUT IRBIS kibersportchilari — ZIYO CUP Dota 2 turnirining bronza medali sohiblari

SIUT IRBIS kibersport jamoasi Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan “ZIYO CUP” Respublika kibersport turnirida munosib ishtirok etib, “Dota 2” yo‘nalishida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

17–19 noyabr kunlari poytaxtdagi “Cyber Arena” majmuasida o‘tkazilgan mazkur nufuzli turnir bu yil O‘zbekiston talabalar kibersporti hayotidagi eng yirik va e’tiborli voqealardan biriga aylandi.

“ZIYO CUP” turniri yoshlar orasida kibersportni ommalashtirish, IT-kompetensiyalarni kuchaytirish va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati doirasida (2022-yil 16-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–423-sonli «Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori) muntazam o‘tkazib kelinadi. Bu yilgi musobaqa o‘z miqyosi va raqobat darajasi bilan alohida ajralib turdi. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 18 000 000 so‘mni tashkil qildi.

Turnir saralash bosqichlarida respublika bo‘ylab 68 ta davlat va nodavlat Oliy ta’lim muassasalaridan jami 500 nafarga yaqin talaba ishtirok etdi. Bellashuvlar shiddatli, qizg‘in va tahlilga boy ruhda o‘tdi. Musobaqa orqali talabalarning strategik fikrlash, bir jamoa sifatida ishlash, murakkab vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish kabi ko‘nikmalari yanada rivojlandi. Turnir yakunida “Ziyo Forum” fondi tomonidan g‘olib va sovrindor jamoalar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Bellashuvdagi har bir o‘yin yuqori intensivlikda kechib, ishtirokchilar individual mahorat bilan birga strategik fikrlash, jamoaviy hamjihatlik va murakkab vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish qobiliyatlarini namoyish etishlari zarur bo‘ldi.

SIUT IRBIS jamoasi saralash bosqichlarini ishonchli tarzda bosib o‘tdi va final bosqichida mamlakatning eng kuchli kibersport jamoalari qatoriga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Jamoa faqatgina yarim finalda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti terma jamoasiga qarshi kurashda imkoniyatni boy berdi.

Dota 2 bo‘yicha yakuniy natijalar:

1-o‘rin – Webster University in Tashkent — 8 000 000 so‘m;

2-o‘rin – Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) — 6 000 000 so‘m

3-o‘rin – Samarkand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) — 4 000 000 so‘m

Bu natija SIUTda kibersport yo‘nalishining barqaror o‘sib borayotganidan dalolat beradi desak adashmagan bo‘lamiz. 2025-yil mart oyida SIUT IRBIS jamoasi “Counter-Strike 2” yo‘nalishida Respublika bosqichida 4-o‘rinni egal­lagan edi. Endilikda “Dota 2” bo‘yicha ZIYO CUP turnirining bronzasi — bu jamoa uchun muhim qadam va SIUTda kibersportni tizimli rivojlantirishning amaliy isboti bo‘ldi.

Universitet kibersportni nafaqat raqobat maydoni sifatida, balki yoshlarning strategik fikrlashi, tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalari va IT salohiyatini oshirish vositasi sifatida qo‘llab-quvvatlamoqda.

“Ziyo Forum” fondi tomonidan amalga oshirilayotgan “ZIYO CUP” turnirlari talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni intellektual sport turlariga jalb etish va sog‘lom raqobat muhitini yaratishga qaratilgan.

Turnir doirasida kibersport, stol tennisi, mini-futbol, boshqa sport yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etilib, yoshlarning jismoniy va raqamli rivojlanishi uchun keng imkoniyat yaratiladi.

SIUT sharafini munosib himoya qilgan kibersport jamoamizni mazkur muvaffaqiyat bilan samimiy muborakbod etamiz. Ular nafaqat universitet, balki butun yurtimiz yoshlarining kibersportdagi salohiyati yuksalib borayotganini yana bir bor isbotladi.

SIUT IRBIS — olg‘a! Yangi g‘alabalar sari!

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112621 | Инструменты