O‘zbekistonda 24-may kuni o‘tkaziladigan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida xavfsizlikni ta’minlashga jami 27 mingdan ortiq IIV, Milliy gvardiya, FVV xodimlari va harbiy xizmatchilari jalb etiladi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti xabar berdi.
24-may kuni soat 08:00 dan 10:00 ga qadar “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayram tadbirlari respublikada faoliyat olib borayotgan 10 mingdan ortiq muassasada maktab o‘quvchilari, ota-onalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida keng nishonlanishi belgilangan. Ushbu ta’lim muassasalarida 1-sinf, 9-sinf, 11-sinf bo‘lgan jami 2 milliondan ortiq bitiruvchi ishtirok etishi kutilmoqda.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonovaning ma’lum qilishicha, tadbir o‘tkaziladigan ta’lim muassasalari tegishli mutasaddi idoralar xodimlari tomonidan to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilib, qo‘riqlash pultiga ulangan. Videokuzatuv kameralari esa hududiy ichki ishlar organlarining situatsion markazlariga integratsiya qilingan.
Bundan tashqari, maktablarda o‘quv yili yakunlanishi munosabati bilan yoshlar xiyobonlar va istirohat bog‘lariga hordiq chiqarish uchun kelishlari kutilmoqda. Ushbu joylarda xavfsizlikni ta’minlashga jami 5 mingdan ortiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va harbiy xizmatchilar xizmatga biriktirildi.
Hududlardagi bevosita yo‘l chetida joylashgan maktablar oldida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida YPX inspektorlari kuchaytirilgan tartibda xizmat olib boradi. Maktablarning joylashgan joyiga qarab transport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi. Shu kuni imkon qadar barchaga jamoat transportida harakatlanishlari tavsiya etiladi.
Barcha ota-onalar va kattalardan bitiruvchilarning yarim tungacha istirohat bog‘larida yurishlari, spirtli ichimlik, tamaki mahsulotlari va taqiqlangan moddalarni iste’mol qilishlari, ko‘chalarda guruh-guruh bo‘lib kortejlarda yurishlari, avtomashina, skuter, samokatlarni olib boshqarishlari, anhor, kanal va cho‘milish havzalarida suzishlari, o‘zlarining yonlarida tig‘li kesuvchi, sanchuvchi hamda boshqa inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan buyumlarni olib yurishlariga yo‘l qo‘ymasliklari so‘raldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52401 | Инструменты