Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 227-1-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Mazur masala yuzasidan Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alimjon Fayziboyev ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, soliq qonunchiligini buzish bilan bog‘liq javobgarliklarni yanada liberallashtirish zaruriyati yuzaga kelgani sababli qonun loyihasi bilan Soliq kodeksining 227-1-moddasi bo‘yicha jarima miqdori 50 baravarga kamaytirilmoqda.
Ya’ni, endilikda fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartib-qoidalariga oid huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning ikki foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Xuddi shunday huquqbuzarlik moliyaviy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 20 foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi soliq qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikni yanada liberallashtirish, soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini adolatlilik tamoyili asosida belgilanishiga, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishiga hamda tadbirkorlik subyektlariga ortiqcha xarajatlar yuklanmasligiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122616 | Инструменты