Soliq xizmati xodimlarining daromad va xarajatlarini deklaratsiyalash tizimi ishlab chiqildi

Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi, deya xabar berdi qo‘mita axborot xizmati.

Qayd etilishicha, memorandum korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni mustahkamlash, soliq organlari faoliyatining shaffofligini oshirish hamda zamonaviy ichki nazorat mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.

“Hujjat soliq organlari tizimida huquqbuzarliklarning oqibatlarini bartaraf etish bilan cheklanib qolmay, eng avvalo korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va profilaktik mexanizmlarni joriy etishga yo‘naltirilgan professional va samarali korrupsiyaga qarshi kurashish modelini shakllantirishni nazarda tutadi. Shuningdek, raqamli texnologiyalarni, jumladan, sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni keng qo‘llash, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlik siyosatini izchil rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan”, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, davlat soliq xizmatida ishlovchi har bir xodimning daromadlarini deklaratsiya qilish tizimi ishlab chiqilgan. Tadbir doirasida mazkur platforma taqdimoti o‘tkazildi. Ayni paytda Navoiy va Chirchiq shaharlarida daromadlarni deklaratsiya qilish mexanizmini joriy etish bo‘yicha eksperiment sinov tariqasida amalga oshirilyapti. Pilot loyiha yakunlariga ko‘ra, ushbu tizim bosqichma-bosqich butun respublika bo‘ylab joriy etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22013 | Инструменты