Surxondaryoda "Qizil kitob"ga kiritilgan va O‘zbekistonda sanoqli qolgan giena ovlangani aytilmoqda
Surxondaryoda O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan kamyob do‘lta (giena)lardan biri ovlangani aytilmoqda. Ushbu holat yuzasidan Davlat ekologiya qo'mitasi o'rganish o'tkazdi.
Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda o‘lja bilan suratga tushgan ikki fuqaroning rasmi keng tarqaldi. Qayd etilishicha, xabar yuzasidan Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Uzun tuman inspeksiyasi va tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganish jarayonida «Qizil kitob»ga kiritilgan do‘lta hayvoni fotosuratdagi fuqarolar tomonidan ov qilinmagani yoki boshqa maqsadlarda o‘ldirilmagani aniqlangan. Surishtiruvda Uzun tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi fuqaro P.O.da ovchilik qurollari yo‘qligi va u ovchilik uyushmasiga a’zo emasligi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, u 2021 yilning fevral oyida tumanning Xursand mahallasiga qo‘ylarini boqish uchun olib kelganda noma’lum yovvoyi hayvon qo‘ylariga hujum qilgani va o‘zining 5 ta iti qo‘ylarni himoya qilish maqsadida yovvoyi hayvonni jarohatlab o‘ldirganini aytgan. Bundan tashqari, hayvonning o‘ligini ko‘rgan cho‘ponlar fotosuratga tushgani va suratdagi ikkinchi fuqaro hozirgi vaqtda chet elga ishlash maqsadida ketgani aniqlangan.
Ma’lumot uchun, yoldor bo‘rilar butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan kenja tur hisoblanadi. O‘tmishda Janubiy Ustyurtda, Amudaryo qayirlarining quyi va o‘rta oqimlarida, Sheroboddaryo etaklarida, Ko‘hitang tizmasining sharqiy yonbag‘rida tarqalgan. Hozirda Bobotog‘ tog‘oldi tizmasining shimoliy qismida va Surxondaryo etagida qayd etilgan. O‘zbekistondan tashqarida: Turkmaniston, Eron, Kavkaz va Kavkazorti, Iroq, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston yarimoroli, Arabiston yarimoroli, Afrikada yashaydi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Bunyod Abdullayevning ma’lum qilishicha, ushbu sirtlonlarning 6 tadan iborat to‘dasiga 2011 yili Oqtepa suv ombori atrofida duch kelingan. 2010 yilda Bobotog‘ etaklarida 8 ta, 2012 yilda 10 ta sirtlon, 2016 yilda esa urg‘ochi sirtlon va 2 ta bolasi qayd etilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41017 | Инструменты