Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani markazidagi ko‘cha bo‘yida joylashgan tadbirkorlarning do‘konlari buzilayotgani va ularga kompensatsiya pullari berilmayotgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan biznes ombudsman bayonot berdi.
Unga ko‘ra, mazkur holat nazoratga olingan. Qonunbuzilish holatlari aniqlansa, tegishli mansabdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘riladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 65-moddasiga muvofiq, xususiy mulk daxlsiz hisoblanadi. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sud qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.
Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra, davlat organining mulkdor mol-mulkini olib qo‘yishga bevosita qaratilmagan qarori munosabati bilan, shu jumladan, mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror asosida mulk huquqi faqat qonunda belgilangan hollar va tartibdagina bekor qilinishi mumkin. Bunda mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng qimmatli mol-mulk berilishi va yetkazilgan boshqa zararlar qoplanishi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar to‘la hajmda to‘lanishi lozim.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22012 | Инструменты