“Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–47-son, 05.02.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy qilinadi:
2027 yildan har yili suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi va subsidiyalar sug‘oriladigan yer maydonlarining suv bilan taʼminlanganlik holatidan kelib chiqib belgilanadi:
- suv bilan barqaror taʼminlanmagan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llagan holda hisoblanadi;
- suv bilan barqaror taʼminlangan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmaganda, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
2027 yildan sholi yetishtiriladigan maydonlarning suvning kirish qismi hamda baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilingan yer maydonlarining suvning kirish va chiqish qismiga tadbirkorlar o‘z mablag‘laridan “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalarini o‘rnatishi majburiy etib belgilanadi.
Bunda “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalari o‘rnatilmaganda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga oshirilgan miqdorda hisoblanadi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda taʼminotchi korxonalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan suv tejovchi texnologiyalarning nasos va filtr qurilmalarini raqamli QR-kodli maxsus yorliqlangan belgi ostida ishlab chiqarish va sunʼiy yo‘ldosh kuzatuv tizimi (GPS treker)ni o‘rnatish tartibi joriy etiladi.
2026 yil 1 oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish ishlari majburiy tartibda tasdiqlangan minimal talab va meʼyorlar asosida amalga oshiriladi.
2026 yil 1 oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini olmasdan o‘z mablag‘lari hisobidan joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiya ajratishning quyidagi yangi tizimi joriy etiladi:
- loyiha tashabbuskori tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun qo‘yiladigan minimal talab va meʼyorlar doirasida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi;
- ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari hamda loyihani amalga oshirish bo‘yicha taʼminotchi korxona bilan tuzilgan shartnoma, ushbu texnologiyalar uchun belgilangan tartibda hisob-kitob qilingan subsidiyaning 50 foizini Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan oldindan ajratishga asos bo‘ladi;
- suv tejovchi texnologiyalar loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq o‘rnatilib, foydalanishga topshirilganidan so‘ng hisob-kitob qilingan subsidiya mablag‘larining qolgan 50 foizi loyiha tashabbuskoriga to‘lab beriladi;
- subsidiyaning dastlabki 50 foizi to‘lab berilganidan so‘ng ikki oy muddat ichida texnologiyalar o‘rnatilib ishga tushirilmaganda, ajratilgan subsidiyalar belgilangan tartibda qaytariladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20712 | Инструменты