"Tangem" o‘zbek xalqiga videomurojaat yo‘lladi
O‘zbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi turizm elchisi, mashhur “Saroy javohiri” serialidagi Tangem roli orqali tanilgan aktrisa Li Yon E o‘zbek xalqiga videomurojaat yo‘lladi.
Videomurojaatda Li Yon E koronavirus pandemiyasi asoratlarini yengishga doir saʼy-harakatlar, shuningdek Sirdaryo viloyatida Sardoba to‘g‘onining yorilishi bilan bog‘liq favqulodda holat munosabati bilan xalqimizga qo‘llab-quvvatlash so‘zlarini bildiradi, deya maʼlum qildi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov.
“Qadrli, O‘zbekiston ahli! Sizlarga hech qachon umidni yo‘qotmaslik va mavjud qiyinchiliklarni yengib o‘tishga kuch-quvvat tilayman! Tez kunlarda O‘zbekiston televideniyesida namoyish etiluvchi “Saimdan” seriali ham hayotda har qanday qiyinchiliklar bo‘lishiga qaramay, umid va shijoatni yo‘qotmaslikka chorlaydi. Umid qilamanki, bu ishonch siz aziz o‘zbekistonliklarga ham yaqin bo‘ladi. Men, o‘z o‘rnimda, chin qalbimdan imkon qadar tezroq O‘zbekistonga borib, sizlar bilan uchrashishni intiqib kutyapman”, - deyiladi murojaatda.
Bundan avval Tangem roli orqali tanilgan Li Yon Ening o‘zbek xalqiga o‘zi ishtirokidagi serialni beminnat asosda taqdim etgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80212 | Инструменты