“Tez yordam” mashinalari harakati sun’iy yo‘ldosh orqali monitoring qilib boriladi - Sog‘liqni saqlash vazirligi
“103” xizmati faoliyatini takomillashtirish, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlar yurtimizda aholiga xalqaro andozalarga mos tarzda tez tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda.
Birgina misol. Bugungi kunda “Tez yordam”da bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratilayotgan mablag‘ 16 barobardan ziyodga ortib, o‘rtacha 8000 so‘mni tashkil qilmoqda. Vaholanki, bu mablag‘ 2016 yil o‘rtacha 500 so‘m edi.
Shuningdek, bundan 7 yil avval yurtimizda atigi 818 ta “Tez yordam” shoxobchasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, ayni paytda ular soni 1455 taga yetdi. Qolaversa, bugunga kelib, “103” brigadalari jami 2755 tani tashkil qilmoqda. Vaholanki, bu raqam ham 2016 yilda 1648 ta edi.
Yana bir gap. Bundan 6-7 yil avval yurtimiz tez tibbiy yordam tizimida 1868 ta avtomashina bor edi. Bugun esa 2865 ta avtomobil aholiga sifatli xizmat ko‘rsatyapti. Shuningdek, maxsus avtomashinalar parki 60-70 foizga yangilandi. Foydalanilayotganiga 8 yildan oshgan avtotransport vositalarini zamonaviylariga almashtirish ishlari esa bosqichma-bosqich davom ettirilyapti.
Qolaversa, 7 yilda “Tez yordam”da reanimobillar soni 24 tadan 500 taga ko‘paydi. Jumladan, joriy yil Respublika tez tibbiy yordam markazi “Jizzakh Auto” tomonidan ishlab chiqarilgan 337 ta “Volkswagen Caddy” mashinalari bilan bilan boyidi.
Bundan tashqari, oxirgi yillarda "103" brigadalari dislokasiyasi qayta ko‘rib chiqilib, aholi yashash punktlariga yaqinlashtirildi. Natijada o‘tgan 6 yil davomida xizmat ko‘rsatish radiusi o‘rtacha 13-15 kilometrdan 5-6 kilometrga qisqardi.
“103” raqami markazlashtirilishi hamda muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik xizmati — “Call markaz”lar tashkil etilishi orqali esa “Tez yordam”ning kechikishi 40 foizdan 20 foizgacha kamaydi.
Eng muhimi, sohadagi islohotlar 2023 yilda ham izchil davom ettiriladi. Jumladan, tizimdagi eskirgan avtoulovlarni bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralari ko‘riladi.
Unga ko‘ra:
Aholiga yanada sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida “Tez yordam” uchun yana 1000 dona A toifali zamonaviy avtomashina xarid qilinishi ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadda Osiyo taraqqiyot banki loyihasi asosida kredit mablag‘lari ajratilgan. Bu orqali tizimdagi “Damas” avtomobillari to‘liq yangilanadi.
Shuningdek, olis va chekka hududlar, tog‘li va cho‘l mintaqalarida ushbu sohani rivojlantirish, tizim xodimlarining xizmat ko‘rsatish imkoniyatini oshirish maqsadida maxsus yo‘ltanlamas avtomobillar olib kelinadi.
Yana bir yangilik. Joriy yil “103” xizmatida yagona Call-markaz tashkil qilinadi. Sohada kompleks axborot tizimlarini joriy etish maqsadida ularda yagona intellektual chaqiruv platformasi yaratiladi. Shu bilan birga, xizmat avtotransportlari uchun GPS yordamida sun’iy yo‘ldosh monitoringi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111619 | Инструменты