Toshkent 6 soat ichida to‘liq suv bilan ta’minlanadi — Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi
Toshkent shahri aholisining asosiy qismini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi “Qodiriya” bosh suv inshootida yuqori kuchlanishli elektr ta’minotida nosozlik sababli nasos agregatlarida o‘chish holati yuzaga kelgan. Shu tufayli Toshkent shahrining qator hududlarida ichimlik suv ta’minoti bilan bog‘liq uzilishlar kuzatilmoqda.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda elektr ta’minoti qayta tiklandi, ichimlik suv gidravlik rejimini tiklash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda. Yaqin soatlar ichida Toshkent shahrida suv ta’minoti oldingi maromiga qaytishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, vazir Sherzod Hidoyatov “Qodiriya” suv inshootida bo‘lib, mavjud holatni o‘z nazoratiga olgan.
Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati, xususan, Guliston shahri, Sayxunobod tumani va boshqa bir qator hududlarga ichimlik suvi berila boshlandi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimiga kiruvchi 500 ta qozonxonadan 80 tasi o‘z ish faoliyatini qayta tikladi.
Shu bilan birga, «Qodiriya» bosh suv inshooti o‘z faoliyatini qayta boshladi. 5-6 soat oralig‘ida quvurlar to‘lib bo‘lgach, odatiy ish rejimiga tushadi.
Bo‘zsuv inshootidan Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Shayxontohur, Olmazor tumanlariga va Chilonzor tumanining bir qismiga 3 soat ichida suv berish to‘liq tiklanadi. Ayni daqiqalarda tarmoqda suv mavjud. Toshkent 6 soat ichida to‘liq suv bilan ta’minlanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51509 | Инструменты