"Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi tomonidan joriy yilning 14-iyun sanasidan boshlab "Toshkent-Islomobod" yo'nalishi bo'yicha muntazam aviaqatnovlar yo'lga qo'yildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Milliy aviatashuvchimizning "Airbus A320 NEO" rusumli samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 11:50da Islomobod xalqaro aeroportida, xalqaro aviatsiya tartib-taomiliga ko'ra suvli arka bilan tantanali ravishda kutib olindi.
Rasmiy kutib olish marosimida Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi bosh direktori Aftab ur-Rehman Rana, Islomobod xalqaro aeroporti rahbari Said Aftab Ali Shah Gilani, mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari, "Uzbekistan Airways" AJning Pokistondagi rasmiy vakillari, bir qator xorijiy mamlakat elchilari, shuningdek, kema ekipaj a'zolari va mahalliy OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so'zga chiqqanlar ta'kidlaganidek, "Toshkent-Islomobod" o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaparvozlarning yo'lga qo'yilishi O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi turizm, savdo-iqtisodiy hamkorlik, ta'lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga hamda ikki tomonlama savdo aylanmasi hajmini kelgusida 2 milliard AQSH dollariga yetkazish borasidagi vazifalarni samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.
"Ushbu reys ikki xalq o'rtasida aloqalarni jadallashtirib, o'zaro tashriflarni osonlashtiradi. Turizm oqimini keskin oshirish uchun qulay sharoit yaratadi. Savdo-iqtisodiy, biznes va ilmiy-akademik munosabatlarni yangi loyihalar hisobiga boyitish uchun xizmat qiladi. O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bugundan yo'lga qo'yilgan parvoz mamlakatlarimiz o'rtasida so'nggi 6 oy ichidagi uchinchi muntazam aviaqatnov hisoblanadi. Yaqin kelajakda boshqa shaharlar o'rtasida ham reyslarni ochish ustida ishlayapmiz",- dedi Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi bosh direktori Aftab ur-Rehman Rana
Islomobod xalqaro aeroporti direktori Said Aftab Ali Shah Gilani ta'kidiga ko'ra, ushbu aviaqatnovlar O'zbekiston orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari va Pokiston o'rtasida qulay, tezkor va xavfsiz havo yo'li vujudga kelishiga imkon yaratadi. Bu esa, o'z navbatida, mintaqaviy barqaror rivojlanish, logistika tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va tranzit salohiyatni to'liq ishga solish uchun muhim asos bo'ladi.
"Uzbekistan Airways" Islomobod xalqaro aeroportidan parvozlarni amalga oshirayotgan 28- kompaniyaga aylandi. Ikki davlat poytaxtlari o'rtasidagi mazkur reys nafaqat Pokiston va O'zbekistonni, balki Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi bog'liqlikni yanada mustahkamlaydi, ikki mintaqa xalqlari orasidagi rishtalarni yangi pog'onaga ko'taradi. Ushbu reys yo'lovchilarga qisqa fursatlarda va qulay sharoitlarda o'z manziliga yetib olish imkoniyatini beradi",- deydi Islomobod xalqaro aeroporti direktori Said Aftab Ali Shah Gilani.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61908 | Инструменты