Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari tomonidan Toshkent, Samarqand va Guliston shaharlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 3 nafar advokatning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Xususan, DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, poytaxtda faoliyat yurituvchi advokatlar hayʼatining muqaddam sudlangan advokati noqonuniy tarzda 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, u Mirobod tuman IIO FMB Tergov bo‘limi yurituvida bo‘lgan Jinoyat Kodeksining 131 va 135-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ayblanuvchisidan sud tizimidagi tanishlari orqali 135-moddani olib tashlab, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida yordam berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan.

Samarqand shahrida kuzatilgan holatda, mahalliy advokatlik firmasi advokati jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rilayotgan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ayblanuvchisiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida sud idoralaridagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Bu kabi qonunbuzilishi Sirdaryo viloyatida ham qayd etilib, Guliston shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati Oqoltin tumanidagi MCHJ rahbaridan 450 mln so‘mlik dori vositalarini olib, pulini bermay yurgan shaxslarga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi idoralardagi tanishlari orqali jinoyat ishi qo‘zg‘attirib berish evaziga 1500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda uchala advokatga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121816 | Инструменты