21-yanvar kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov “Toshkent shahrida milliylikni keng targ‘ib qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
Qarorga koʻra, poytaxtda milliylikni keng targʻib qilish boʻyicha ishchi guruh tuzildi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- milliy liboslar va milliylikni ommalashtirishga oid targ‘ibot materiallarini ishlab chiqish;
- korxona, muassasa va tashkilotlar hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikni tashkil etish;
- ommaviy tadbirlar davrida milliy liboslar va milliylikning mavqeini mustahkamlanishini ta’minlash;
- milliy liboslar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash;
- mavzuga oid o‘quv-seminarlari, tanlovlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish;
- qarorning bajarilishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirish.
Toshkent shahar hokimining o‘rinbosarlari, boshqarma va tashkilotlar, tuman hokimliklari:
- mazkur qarordan kelib chiqqan holda targ‘ibot — milliy liboslar va milliylikning ijobiy ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ma’rifiy, madaniy, axborot va reklama tadbirlarini amalga oshirish;
- milliy liboslarda yurishni, milliylikni targ‘ib qilishni va milliy madaniyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish choralarni ko‘rishi;
- davlat va jamoat tashkilotlari yoki xususiy sektorlar tomonidan o‘tkaziladigan madaniy, sport, ma’rifiy hamda boshqa turdagi tadbirlarga aholining keng qatlamlari jalb qilishi belgilandi.
Toshkent shahridagi davlat tashkilotlari, boshqarma va muassasalarda haftaning har juma kuni “Milliy liboslar kuni” deb belgilanadi. Toshkent shahar va tuman hokimliklari, hokimliklar qoshidagi boshqarma, tashkilot va bo‘limlar, boshqa davlat organlari va muassasalari xodimlari ish kunlarida milliy liboslarda yurishi tavsiya etiladi (tasdiqlangan xizmat kiyimlari bundan mustasno).
Targʻibot doirasida shahar miqyosida o‘tkaziladigan barcha ommaviy tadbirlar (bayramlar, festivallar, ko‘rgazmalar, sport musobaqalari, konsertlar va boshqalar) milliy uslubda bezatiladi hamda ishtirokchilar milliy liboslarda bo‘ladi. Shuningdek, ommaviy tadbirlarda eng yaxshi milliy liboslar namoyishi, milliy o‘yinlar, milliy raqs va qo‘shiqlar tanlovlari o‘tkazilib, g‘oliblarga sovg‘alar hamda diplomlar berib boriladi.
Milliylikni targ‘ib qilish maqsadida Toshkent shahar hokimligi tomonidan e’lon qilingan “Milliy liboslarimiz barchaga yarashadi” shiori ostidagi “Milliy trend chellendji” bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borladi. Toshkent shahar hokimligi, boshqarma va muassasalar o‘rtasida “Milliylikning eng yaxshi targ‘ibotchisi” tanlovini tashkil etiladi.
Bundan tashqari qaror bilan Toshkent shahriga kelgan sayyohlarga milliy qadriyatlar va o‘zbek madaniyati haqida batafsil ma’lumotlar berilishini hamda ularning milliy liboslarda fotosuratga tushishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Turistik marshrutlarga milliy uslubda bezatilgan joylar, milliy hunarmandchilik ustaxona va do‘konlari kiritiladi. Mehmonxonalarda, restoranlarda, turistik obektlarida milliy liboslar va o‘zbek madaniyatiga oid ko‘rgazmalar, tanlovlar va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.
“Milliy Toshkent” loyihasi doirasida:
- Toshkent shahar yo‘lovchi tashish transportlari hamda transport kartalarini milliylik ornamentlari bilan bezatiladi;
- Toshkent shahrida mavjud umumta’lim maktablarining har birida namuna sifatida bittadan “Milliy o‘zbek sinfi"ni tashkil etiladi;
- Savdo markazlari, bozorlar, istirohat bog‘lari, muzeylar, kino va teatr binolarining fasad hamda ichki qismini milliylik ruhida bezatiladi;
- “Toshkentda milliylik trendda"shiori ostida qisqa metrajli ijtimoiy roliklar, blog hamda flashmoblar tanlovini e’lon qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12218 | Инструменты